1

Toshkent shahrida yil boshidan uylar narxi 20%ga, ijara narxi esa 43%ga oshdi

Iqtisodiyot 24.11.2022, 13:30
Toshkent shahrida yil boshidan uylar narxi 20%ga, ijara narxi esa 43%ga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Ko`chmas mulk bozorida yuz bergan o`zgarishlar bo`yicha sharh berdi. 

Unga ko`ra, ko`chmas mulk bozori tahlili yil boshidan buyon sotish hajmining 9,2%ga o`sganini ko`rsatdi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida uy-joylarning o`rtacha narxi qariyb 20%ga oshdi. Ekspertlarning fikricha, uy-joy ijarasiga bo`lgan talabning ortishi oktyabr oyida savdo hajmining biroz pasayishiga xizmat qildi.

Oktyabr oyida ko`chmas mulk bozorida yoz oylarida boshlangan savdoning yuqori faolligi biroz pasayish bilan o`rin almashdi. Bu orada ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o`tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan 4,3%ga oshgan.

Yil boshidan buyon savdo hajmining eng yuqori o`sish sur`atlari Jizzax – 42%, Sirdaryo – 29% viloyatlarida va Toshkent shahrida – 15% kuzatildi. Kuz boshlarida uy-joy ijarasiga bo`lgan talabning keskin o`sishi qayd etilgan bo`lib, bu oktyabr oyida sotishning pasayishiga xizmat qildi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi hajmining biroz kamaygani kuzatildi (-72 ta). Bunda poytaxtda oktyabr oyida o`rtacha ijara narxi 17%ga oshib, 1 kv.m uchun 10,5 dollarni tashkil etdi, yil boshidan esa bu ko`rsatkich 43%dan ziyodga ortdi.

Uy-joy ijara narxlarining eng yuqori o`sish sur`atlari Olmazor – 49%, Yashnobod – 44%, Sergeli – 34% va Shayxontohur – 33% tumanlarida qayd etildi. Uy-joy uchun eng yuqori ijara narxlari Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatildi.

Umuman olganda, yil boshidan buyon uy-joy sotish hajmining o`sishi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 9,2%ni tashkil etdi. Hisob-kitoblarga ko`ra, oktyabr oyida respublikada ikkilamchi bozorda uy-joylarning o`rtacha narxi o`sishi 2,3%ni (sentyabrda – 1,1%) tashkil qildi. Xususan, yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda 1 kv.m uchun uy-joyning o`rtacha narxi 11,4%ga oshdi. Oktyabr oyida narxlarning sezilarli o`sishi Sirdaryo – 6,5%, Qashqadaryo – 6,5% viloyatlarida va Toshkent shahrida – 4,6% kuzatildi.

Toshkent shahrida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining o`sishi 4,6%ni (sentyabrda 1,7%) tashkil etdi. Shu bilan birga, poytaxtda yil boshidan buyon o`rtacha narxlar 19,8%ga ko`tarilgan bo`lib, bu talabning, jumladan, chet el fuqarolarining kirib kelishi natijasida sezilarli darajada oshganini ko`rsatdi.

Narxlar bo`yicha eng yuqori o`sish sur`atlari poytaxtning Yashnobod, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida qayd etildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1