1

Endi maymun chechagi virusi boshqa nom bilan ataladi — JSST

Dunyo 30.11.2022, 10:55
Endi maymun chechagi virusi boshqa nom bilan ataladi — JSST

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti shu yil avgust oyida maymun chechagi virusi nomini o`zgartirish bo`yicha keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqqandi. Bunga olimlar va tibbiyot mutaxassislari tomonidan mazkur xastalik noto`g`ri nomlanganiga doir takroriy e`tirozlar sabab bo`lgan. 

Endi ana shu tashabbus amalga oshdi. JSST mazkur virusga “mpox” (monkeypox — maymun chechagi atamasining qisqartmasi) deb nom berdi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar berdi.

Ma`lumki, maymun chechagi 1958 yilda istilohga kiritilgan. Qolaversa, virusning asosiy variantlari ular keng tarqalgan geografik hududlarga qarab nomlangan.

Biroq zamonaviy amaliyotga ko`ra, yangi aniqlangan viruslar, infeksiyalar mutasiyalari va ular bilan bog`liq kasalliklar atamalari madaniy, ijtimoiy, milliy, mintaqaviy, kasbiy yoki etnik jihatdan kamsituvchi mazmunga ega bo`lmasligi zarur.

Qolaversa, savdo-sotiq yoki yo`lovchi tashish jamiyatlari faoliyati, turizm hamda hayvonot dunyosiga nisbatan munosabatlarga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi kerak. 

Shundan kelib chiqqan holda endi maymun chechagi “mpox” deb qayta nomlandi. Bu jarayonda yangi atamaning turli tillarda oson talaffuz qilinishi va internet resurslari orqali qiyinchiliksiz qidirilishi kabi omillar ham hisobga olindi. 

"Mpox” nomi yaqin kunlarda kasalliklarning xalqaro statistik tahliliga kiritilishi belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1