1

Samarqandda o`z pogonini yulib, ayolga qasddan shantaj qilmoqchi bo`lgan IIB xodimi hamon tizimda ishlamoqda (video)

Jamiyat 01.12.2022, 21:22
Samarqandda o`z pogonini yulib, ayolga qasddan shantaj qilmoqchi bo`lgan IIB xodimi hamon tizimda ishlamoqda (video)

May oyida Samarqand viloyatida IIB xodimi pogonini o`zi yulib, bunda yonidagi ayolni ayblagani aks etgan video tarqalgan edi. Tasvirlarda ichki ishlar xodimi bir ayolni qo`lidan tortib, majburiy tartibda olib ketayotgani va bu jarayonda xodim pogonini o`zi yulib olib, qasddan ayolni aybdor qilishga uringani ko`ringan. Ushbu holatni videotasvirda aniq ko`rish mumkin.

 

Bugun, 1 dekabr kuni AOKAda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan o`z pogonini yulib olib, ayolni qasddan aybdor qilmoqchi bo`lgan ichki ishlar xodimi tizimda ishlayotgani savol ostiga olindi.

Savolga IIV mas`ul xodimi, mayor Navro`z Nabiev javob berar ekan, pogonini o`zi yulgan IIB xodimi tizimda ishlayotganini tasdiqladi.

“Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonida jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Ichki ishlar organi xodimi va fuqarolarning ko`rgazmalarida o`zaro zid ma`lumotlar bo`lganligi va tergov jarayonida aniqlangan boshqa ko`rsatmalar va aniqlangan faktlarga asoslanib, ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakili yoki fuqarolik burchini bajaruvchi shaxsga qarshilik ko`rsatish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, bir yil axloq tuzatish ishlari tayinlangan”, — dedi Navro`z Nabiev.

Mas`ul xodimning qo`shimcha qilishicha, Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida xodimning xatti-harakatlariga baho berilib, prokuratura organi tomonidan huquqiy baho berishi bo`yicha hujjat to`liq yuborilgan. Natijada xodim o`z ishida qolgan.

Bundan ko`rinadiki, prokuratura IIB tomonidan o`z xodimiga nisbatan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga e`tiroz bildirmagan. Ya`ni o`z pogonini yulib olgan xodimning xatti-harakatlari uning tizimda ishlashiga monelik qilmasligi qonunchilikda qayd etilgan bo`lishi mumkin.

Anjumanda OAV vakillaridan biri mas`ullarga agar IIB xodimi o`z pogonini qasddan yulib tashlasa, u tizimda ishlaydimi, degan savolni berdi.

Savolga IIV axborot xizmati rahbari Shohruh G`iyosov javob berdi:

“Agar ichki ishlar xodimi pogonini qasddan yulib tashlasa, ichki ishlar tizimida ishlamaydi. Jinoiy jazo beriladi, u xodimning ruhiy holati tekshiriladi”, — dedi u.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1