Shavkat Mirziyoev Boku shahridagi sammitda nutq so`zladi va qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi (foto)

Siyosat 02.03.2023, 15:58
Shavkat Mirziyoev Boku shahridagi sammitda nutq so`zladi va qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi (foto)

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni Boku shahrida Qo`shilmaslik harakati Muloqot guruhining sammitida nutq so`zladi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev raisligida o`tgan tadbirda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Iroq Prezidenti Abdullatif Jamol Rashid, Liviya Davlati Prezident kengashi Raisi Muhammad Yunus Al-Manfi, Bosniya va Gersegovina Prezidiumi Raisi Jelka Sviyanovich, shuningdek, Kuba vise-prezidenti Salvador Mesa, Gabon vise-prezidenti Roz Raponda, Tanzaniya vise-prezidenti Filip Mpango hamda Jazoir Bosh vaziri Ayman bin Abdurahmon ishtirok etdi.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 77-sessiyasi raisi Chaba Kyoryoshi, BMT bosh kotibining o`rinbosari Tatyana Valovaya, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliev, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash bosh kotibi Qayrat Saribay, BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Olga Algaerova, Xalqaro migrasiya tashkiloti bosh direktori Antonio Vitorino, Atom energiyasi bo`yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi va Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili qatnashdi. 

Kun tartibiga muvofiq, COVID-19 koronavirus pandemiyasi oqibatlarini engib o`tish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda pandemiyadan keyingi global tiklanish davrida barqaror rivojlanishning boshqa dolzarb muammolari muhokama qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoev o`z nutqida so`nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish iqlim o`zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning oqibatlarini ham o`z boshidan o`tkazayotgani bilan bog`liq tahdid va xatarlarni qayd etdi. 

- Bu muammolarning ko`lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu munosabat bilan O`zbekiston 2030 yilga qadar mo`ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo`yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdori ekani ta`kidlandi. 

Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur o`rganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz Qo`shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog`ini tashkil qilishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta`sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o`choqlari paydo bo`layotganini qayd etdi.

- Yaqin Sharq mintaqasi va Afg`onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global echimi hanuzgacha topilgani yo`q, - dedi O`zbekiston etakchisi.

Keyingi paytlarda barcha davlatlarda o`sib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Qo`shilmaslik harakati doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini alohida ta`kidlandi.

Shuni hisobga olib, Qo`shilmaslik harakati terrorizmning har qanday ko`rinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo`yicha sa`y-harakatlarga etakchilik qilishi lozimligi qayd etildi. Bu Harakatga a`zo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko`p tomonlama hamkorligini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

O`zbekiston etakchisi bu muammolarni xalqaro miqyosda samarali hal etish va tizimli muvofiqlashtirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari albatta asosiy rolni bajarishi lozimligi ko`rsatib o`tildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida Xavfsizlik kengashi tarkibida Qo`shilmaslik harakati a`zolarining doimiy o`rni bo`lishi kerakligi ta`kidlandi.

Shavkat Mirziyoev global kun tartibidagi yana bir muhim mavzu – davom etayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish masalasiga e`tibor qaratdi.

- Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo`lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo`lmoqda, - dedi davlatimiz rahbari. - Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og`irlik va salbiy ta`sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

O`zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo`shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berish maqsadida Qo`shilmaslik harakati sammitlari arafasida Iqtisodiy forumlarni muntazam o`tkazib borish taklif etildi.

Bunday muhim tadbirlar innovasiyalar, zamonaviy bilim va ilg`or texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, to`rtinchi sanoat inqilobi, xususan, “aqlli” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. 

O`zbekiston Prezidenti pandemiyaning salbiy ta`sirini, birinchi galda, o`sib kelayotgan yoshlar his qilayotganini ko`rsatib o`tdi. Ularning sifatli ta`lim va profes-sional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug`ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.

- Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o`z munosib o`rnini topishiga bo`lgan ishonchi va qat`iyati susaymoqda. Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg`unchi va radikal mafkuralar ta`siri ham tobora kuchaymoqda, - dedi O`zbekiston rahbari.

Bu boradagi siyosat va rejalarni uyg`unlashtirish, to`plangan tajriba bilan o`rtoqlashish maqsadida O`zbekiston Qo`shilmaslik harakati Yoshlar tarmog`ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizasiyasi markazlaridan biri bo`lgan ko`hna Samarqandda tashkil etish niyatida ekanligi ta`kidlandi.

So`zining yakunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon tomonini Qo`shilmaslik harakatiga samarali raislik qilayotgani va sammit muvaffaqiyatli o`tgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1