Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan rasmiy tadbirlarda sovg`a olish tartibi belgilandi

Siyosat 13.03.2023, 09:42
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan rasmiy tadbirlarda sovg`a olish tartibi belgilandi

Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo`lgan sovg`a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda Adlyai vazirligi xabar qilmoqda. 

Nizomga ko`ra, davlat fuqarolik xizmatchisi O`zbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, O`zbekistonda o`tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg`a olishi mumkin.

O`zbekistondagi boshqa xizmat safarlarida sovg`a olish mumkin emas.

Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovg`a quyidagi talablarga javob berishi kerak:

-milliy qonunchiligimizda taqiqlanmagan ashyolar bo`lishi;

-sovg`a xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan bo`lishi;

-sovg`a ochiq va oshkora qabul qilinishi;

-davlat organining obro`siga putur etkazmasligi;

-manfaatlar to`qnashuvi yoki korrupsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi sovg`ani tadbirdan kelgandan so`ng 3 ish kunida xo`jalik bo`limiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi.

Sovg`aning qiymati aniq bo`lmasa, xo`jalik bo`limi uni baholaydi va uning qiymati BHMning 4 baravaridan (1,2 mln so`mdan) ko`p bo`lmasa, sovg`a davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.

Sovg`a qiymati BHMning 4 baravaridan ko`p bo`lsa, u moliya-iqtisod bo`linmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda davlat organi ehtiyoji uchun foydalaniladi.  

Tez yaroqsiz holga keluvchi sovg`alar (gul, shirinliklar), shuningdek kanselyariya to`plamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovg`a sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovg`alar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.

Mazkur nizom talablari barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1