Rossiya Putinni hibsga olishga order bergan Gaagadagi Xalqaro sud prokurori va sudyalariga qarshi jinoiy ish ochdi

Dunyo 21.03.2023, 19:22
Rossiya Putinni hibsga olishga order bergan Gaagadagi Xalqaro sud prokurori va sudyalariga qarshi jinoiy ish ochdi

Kuni kecha Gaaga sudi Putinni hibsga olish uchun order bergani haqida xabar bergan edik.

Rossiya Tergov qo`mitasi Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori va sudyalariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atdi. Bu haqda qo`mita Telegram kanalida xabar berdi.

Gap Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order berishni so`ragan XJS prokurori Karim Xon, shuningdek, ushbu orderlarni bergan sudyalar Tomoko Akane, Rozario Salvatore Aytala va Serxio Xerardo Ugalde Godinezni javobgarlikka tortish haqida ketmoqda.

Tergov qo`mitasining ta`kidlashicha, Putin va Lvova-Belovaning ta`qib qilinishi “shubhasiz noqonuniy, chunki jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar yo`q”.

Rossiya Tergov qo`mitasi Xonni qasddan begunoh shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish, o`ta og`ir jinoyat sodir etishda qonunga xilof ravishda ayblash, shuningdek, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish maqsadida xorijiy davlatning xalqaro himoyaga ega bo`lgan vakiliga hujum qilishga tayyorgarlik ko`rish to`g`risidagi moddalar bo`yicha gumonlamoqda.

XJS sudyalariga nisbatan esa ish qasddan noqonuniy hibsga olish va xorijiy davlat vakiliga hujum qilishga tayyorgarlik moddalari bilan tergov qilinmoqda.

17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportasiya qilishda gumon qilinmoqda. Xuddi shunday order Rossiya bolalar ombudsmanı Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan.

Kreml XJS qarorini “g`azablantiradigan” deb atadi, shu bilan birga, Rossiya bu sudning yurisdiksiyasini tan olmasligini ta`kidladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi orderning “ahamiyatsiz”ligini aytdi. Putinning o`zi XJS qaroriga izoh bermadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1