Samarali O`zbekiston-Fransiya sammiti yakuniga etdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning Samarqand shahriga ikki kunlik tashrifi doirasida bir qator ikki tomonlama tadbirlar bo`lib o`tdi.
1 noyabr kuni davlat rahbarlari Registon maydonida samimiy muloqot qilib, tungi Samarqand bo`ylab sayr qildilar, «Boqiy shahar» majmuasini borib ko`rdilar.
Bugun tor va kengaytirilgan tarkibda oliy darajali muloqotlar bo`lib o`tdi, ular yakunida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko`tarishga kelishib oldilar. Qo`shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.
Davlat rahbarlari Fransiyaning etakchi kompaniya va banklari vakillari ishtirokidagi qo`shma biznes forumi ochilishida ishtirok etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Samarqanddagi Kongress markazida birgalikda daraxt ekdilar, O`zbekistonning madaniy merosi ko`rgazmasi bilan tanishdilar. Fransuz alyansining Samarqanddagi filiali ochilishi bo`lib o`tdi.
Fransiya delegasiyasi katta qiziqish bilan Samarqandning tarixiy-me`moriy durdonalari bilan tanishdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, aeroportda Prezident Emmanuel Makronni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev kuzatib qo`ydi. Davlat rahbarlari samimiy xayrlashdilar.