Ayni paytda Ozarbayjon Respublikasi taklifi va tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Axborot va ommaviy komunikasiyalaragentligi, ommaviy axborot vositalari vakillari, O`zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar assosiasiyasi hamda NNT rahbarlaridan iborat delegasiya ushbu davlatda amaliy tashrif bilan bo`lib turibdi.
Tashrif davomida Shusha, Fuzuliy rayonlaridagi bunyodkorlik ishlari, shuningdek, nodavlat tashkilotlari, shu jumladan, zamonaviy media tizimining davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash faoliyati bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish maqsad qilingan.
Kuni kecha Fuzuliy shahridagi O`zbekiston tomonidan qurilgan Mirzo Ulug`bek nomidagi 1-sonli maktabda Ozarbayjon -O`zbekiston nodavlat tashkilotlarining hamkorlik I forumi bo`lib o`tdi.
Tadbir Qorabog` ozodligi yo`lida jangda shahid ketganlar uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
Forumda so`zga chiqqanlar o`zbek-ozar xalqining azaliy birdamligi, qardoshligi va yaqin do`stona munosabatlarini alohida e`tirof etishdi. Kelgusida aloqalarni yanada mustahkamlashda nafaqat davlat organlari, muassasalar, balki nodavlat notijorat tashkilotlar, harakatlar va birlashmalar darajasida ham hamkorlikni kuchaytirishning zarurati va ahamiyati qayd etildi.
Shuningdek, tadbirda o`zbekistonlik NNT rahbarlari faoliyatlari to`g`risida taqdimot o`tkazishdi.
Forum madaniy tadbir bilan yakunlandi. Eslatib o`tamiz, tashrif 30 noyabrga qadar davom etadi.
Oybek Shukurov, Ozarbayjon-Fuzuliy