24 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon etakchisini tavallud kuni bilan dildan qutlab, qardosh ozarbayjon xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Prezident Ilhom Alievning bugungi Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va shiddatli taraqqiyotini ta`minlashdagi shaxsiy hissasi va tarixiy o`rni alohida qayd etildi.
Davlat rahbarlari O`zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarida yuksak darajaga – strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan ta`kidladilar.
Tovar ayirboshlash hajmi 2023 yilda 30 foizga oshdi, mashinasozlik, to`qimachilik, pillachilik, qishloq xo`jaligi, neft-gaz majmuasi, turizm va ko`plab boshqa tarmoqlarda istiqbolli kooperasiya loyihalari faol tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston va Ozarbayjon etakchilari Ikki tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish yilida amaliy hamkorlikning 10 ta yangi yo`nalishini shakllantirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, 2024 yilga mo`ljallangan tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi. O`zbekiston Prezidenti Ozarbayjon rahbariga ushbu mamlakatda bo`lajak Prezident saylovi muvaffaqiyatli o`tkazilishini tiladi.