1

O`zbekiston sporti 2023 yilda nimalarga erishdi?

Sport 01.01.2024, 14:54
O`zbekiston sporti 2023 yilda nimalarga erishdi?

Yakuniga etayotgan 2023 yil sportimiz uchun har qachongidan ham omadli va sermahsul yil bo`ldi deb ayta olamiz. Boisi sportchilarimiz jahon arenalarida ko`plab yuqori natijalarga erishdi. Yurtimiz bir qator nufuzli musobaqalarga mezbonlik qildi. Ushbu sahifamizda yurtimizda bo`lib o`tgan Osiyo va jahon chempionatlari va ularda qayd etilgan g`alabalar haqida to`xtalmoqchimiz!

FUTBOL: 1-18 mart kunlari mamlakatimiz futbol bo`yicha U-20 Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. U-20 O`zbekiston yoshlar terma jamoasi chorak finalda Avstraliyani penaltilar seriyasida mag`lub etdi. Shu tariqa O`zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi 8 yillik tanaffusdan so`ng yana bir mundialda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi. Musobaqa g`olibligi uchun O`zbekiston va Iroq terma jamoalari bahs olib borishdi. Shiddatli kurashlarda hamyurtlarimiz 1:0 hisobida g`alaba qozonib, ilk bor qit`a chempionligini qo`lga kiritishdi. O`yindagi yagona golni 72-daqiqada Umarali Rahmonaliev kiritdi. Prezident Shavkat Mirziyoev Osiyo kubogi finalini tomosha qildi, terma jamoamizni taqdirlash marosimida ham ishtirok etdi va bosh sovrin – Osiyo kubogini yigitlarga topshirdi.

QILIChBOZLIK: 2-9 mart kunlari Toshkentda qilichbozlik bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasida qit`a birinchiligi bo`lib o`tdi. Bu bahsda O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medallar bilan Koreyadan so`ng ikkinchi, yoshlar toifasida esa 6 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallar bilan birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Murosasiz janglarda qizlarimiz har ikki yo`nalishda oltin medallarni qo`lga kiritgan bo`lsalar, gonkonglik raqiblariga imkoniyatni boy bergan yigitlarimiz kumush medallarni qo`lga kiritishdi. O`zbekiston terma jamoasi shu tariqa umumiy hisobda 9 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor bo`ldi. Bu esa vakillarimiz tomonidan qayd etilgan tarixiy natija bo`ldi deyish mumkin. 

DZYuDO: 3-5 mart kunlari poytaxtimizdagi "Yunusobod sport majmuasi" dzyudo bo`yicha Toshkent "Katta dubulg`a" turniriga mezbonlik qildi. Dunyoning 49 mamlakatidan tashrif buyurgan sportchilar o`rtasidagi bahslarda O`zbekiston terma jamoasi Yaponiyadan so`ng umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egalladi. Musobaqada sportchilarimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medalga sazovor bo`lishdi. Murosasiz bellashuvlarda Murodjon Yo`ldoshev, Davlat Bobonov va Alisher Yusupov oltin medallarga ega chiqishdi. Qayd etish joiz, bu "Katta dubulg`a" turnirlarida medallar soni bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi uchun yangi rekord hisoblanadi!

EShKAK EShISh: 26-30 aprel kunlari ko`hna Samarqand shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo`yicha Osiyo chempionati bo`lib o`tdi. U-23, U-20 va parakanoe bo`yicha tashkil etilgan mazkur musobaqada O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Eron, Iroq, Hindiston, Xitoy Taipeyi, Gonkong, Tailand, Indoneziya kabi mamlakatlardan 400 nafar sportchi ishtirok etdi. Qit`amizning 11 mamlakatidan tashrif buyurgan sportchilar o`rtasidagi bellashuvda O`zbekiston terma jamoasi U-18 va U -23 yosh toifalarida umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Hamyurtlarimiz mazkur yo`nalishda 26 ta oltin, 12 ta kumush va 10 ta bronza medallarini jamg`arishdi. Parakanoechilarimiz esa 4 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida uchinchi bo`lishdi.

ENGIL ATLETIKA: Poytaxtimizda 27-30 apreldaengil atletika bo`yicha 18 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida qit`a birinchiligi o`tkazildi. Musobaqada Osiyoning 40 ta davlatidan 500 nafardan ziyod sportchi g`oliblik uchun kurash olib bordi. Murosasiz bellashuvlarda O`zbekiston terma jamoasi vakillari 3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 12 ta medalni qo`lga kiritishdi. Alohida ta`kidlash kerak, musobaqada termamizga ilk oltin medalni taqdim qilgan sportchimiz Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida 13,99 metr natija qayd etdi. Ushbu natija jahon miqyosida mavsumning eng yaxshi natijasi sifatida qayd etildi.

 

BOKS: 30 aprel–14 may kunlari Toshkent shahri tarixda ilk bor boks bo`yicha kattalar o`rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Poytaxtimizdagi muhtasham «Humo» arenada o`tkan dunyo birinchiligida 100 dan ortiq mamlakatning 550 nafarga yaqin bokschilari ishtirok etdi. Bellashuvlarda O`zbekiston terma jamoasi tarixiynatija qayd etdi. Muzaffar bokschilarimiz musobaqa davomida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 9 ta medalga sazovor bo`lishdi. Shubhasiz, bu bilan hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritishdi. Shu paytgacha bokschilarimiz hech bir jahon chempionatida 5 ta oltin va umumiy hisobda 9ta medalni qo`lga kiritishmagandi.

 

VOLEYBOL: 14-19 iyul kunlari Toshkentda voleybol bo`yicha U-16 yosh toifasida yigitlar va qizlar o`rtasida Markaziy Osiyo chempionati bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston, Qozog`iston, Tojikiston, Pokiston, Eron terma jamoalari bahs olib bordi. Qizlar o`rtasida Qozog`iston jamoasi birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin O`zbekiston-1 jamoasiga nasib etgan bo`lsa, yarim finalda imkoniyatni boy bergan O`zbekiston-2 qizlari bronza medallari bilan taqdirlandi. Yigitlar o`rtasidagi finalda Pokistonni 3:2 hisobida dog`da qoldirgan Eron chempionlikni tantana qildi. Imkoniyatni boy bergan yigitlarimizga bronza medallari topshirildi. 22-29 iyul kunlari esa Yigitlar o`rtasida voleybol bo`yicha U-16 yosh toifasidagi Osiyo chempionati bo`lib o`tdi. Ular musobaqaning kumush medallariga sazovor bo`ldilar. Bu voleybolchilarimiz uchun qit`a birinchiligidagi ilk final bo`ldi. Terma jamoa kelasi yil bo`ladigan jahon chempionati yo`llanmasini ham qo`lga kiritishdi.

DZYuDO: 16-19 - noyabr kunlari Toshkent ilk bor dzyudo bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Bellashuvlarda 15 dan ortiq mamlakatdan 400 dan ziyod sportchilar qatnashdi. Bu yirik musobaqa IJFning kalendar rejasidan o`rin olgan edi. O`smirlar bellashuvlarida 7 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza jami 17 ta medalni qo`lga kiritgan holda 15 mamlakat orasida umumjamoa hisobida birinchi o`rin qo`lga kiritildi. 7 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza jami 16 ta medalga ega chiqqan o`smirlarimiz ham 15 mamlakat orasida umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallashdi. Ushbu natijalar yurtimizda dzyudo sport turli shiddat bilan rivojlanib borayotganidan darak beradi.

Uchqun Namozov tayyorladi!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1