1

“Qo`qon-1912” hakamlarni sotib olganlikda aybor deb topildi

Sport 07.01.2024, 11:52
“Qo`qon-1912” hakamlarni sotib olganlikda aybor deb topildi

O`zbekiston futbol assosiasiyasi Etika qo`mitasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston futbol assosiasiyasining futbol faoliyatini nazorat qilish bo`yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan hakamlar Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamov hamda “Qo`qon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo`minovning kelishilgan o`yinlarda ishtirok etganligi to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi.

Qo`mita tomonidan kun tartibidagi masalani o`rganish davomida aniqlanishicha, 2023 yil 22 mart kuni bo`lib o`tgan “Qo`qon-1912” – “Mash`al” futbol klublari o`rtasidagi uchrashuvdan oldin “Qo`qon-1912” futbol klubi vakili Shuhrat Mo`minov O`zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Xusan Muzaffarovga “Qo`qon-1912” futbol klubi foydasiga hakamlik qilishini so`rab murojaat qilgan hamda evaziga pul mablag`i taklif qilgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov ushbu taklifga rozi bo`lgan va o`yin “Qo`qon-1912” futbol klubi foydasiga yakunlangan.

Shuningdek,  “Orol” – “Qo`qon-1912” futbol klublari o`rtasidagi uchrashuv oldidan “Qo`qon-1912” klubi vakili Shuhrat Mo`minov o`yin hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamovlarga uchrashuvni “Qo`qon-1912” klubi foydasiga hal bo`lishi uchun moddiy manfaat taklif etgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov mazkur taklifga rozi bo`lgan hamda pul mablag`larini yordamchi hakamlar Obid Jumaev va Jasur Rustamovlar bilan o`zaro bo`lib olganlar.

O`zbekiston futbol assosiasiyasi Etika qo`mitasi mazkur holatlar yuzasidan O`zbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamovni O`FA Intizom kodeksining tegishli bandlarini buzgan deb topdi. Ularga nisbatan futbol bilan bog`liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizomiy jazo choralari qo`llanildi.

Shuningdek, “Qo`qon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo`minov O`FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog`liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi.

O`zbekiston futbol assosiasiyasi kelishilgan o`yinlarni aniqlash bo`yicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma`lum qiladi. O`z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat`iy choralar ko`rilishi to`g`risida ogohlantirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1