1

O`tgan yili ko`plab davlat korxonalari dividend va soliq to`lovlari bo`yicha byudjetga 8 trillion so`m tushumni ta`minlay olmagan

Iqtisodiyot 16.01.2024, 11:32
O`tgan yili ko`plab davlat korxonalari dividend va soliq to`lovlari bo`yicha byudjetga 8 trillion so`m tushumni ta`minlay olmagan

Avval xabar berganimizdek, Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.

Yig`ilishda moliyaviy intizomni kuchaytirib, 2024 yilda byudjet defisitini 4 foizdan oshirmaslik zarurligi ta`kidlandi.

O`tgan yili ko`plab davlat korxonalari dividend va soliq to`lovlari bo`yicha byudjetga 8 trillion so`m tushumni ta`minlay olmagani ko`rsatib o`tildi.

Hududlar rahbarlari ajratilgan byudjet ssudalari qaytarilmayotgani holatlari bo`yicha qat`iy choralar ko`rilishi haqida ogohlantirildi.

Sirdaryo va Jizzaxda soliq tushumlari 20 foiz o`sgan bo`lsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu ko`rsatkich 7 foizga ham etmagani tanqid qilindi.

Masalan, yuridik shaxs maqomidagi 18 mingta ovqatlanish korxonasidan atigi 2 ming 300 tasi QQS to`lovchi hisoblanadi. Sababi, ular tovar aylanmasini 1 milliard so`mdan oshirmaslik uchun bitta oshxonaga 3-4 tadan firma ochib qo`ygan.  

Bunday holatlar bo`yicha mahalladagi soliqchi, tuman soliq boshliqlari va o`rinbosarlarining ishi sustligi ko`rsatib o`tildi.

Umuman, soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko`rib chiqish vaqti kelgani ta`kidlandi.  

Jumladan, 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qo`mitasida yangi tashkil qilinadigan Byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga o`tkaziladi. Ushbu Inspeksiya to`liq raqamlashgan bo`ladi va G`aznachilik elektron tizimiga integrasiya qilinadi.

Shu kabi soliq qarzdorligi bilan ishlash bo`yicha ham qo`mita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi.

Buning hisobiga, tumanlardagi qo`shimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga o`tkazish imkoni bo`ladi.

Respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo`ladi.

Buning uchun Yirik soliq to`lovchilar bo`yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1