1

“Paxtakor” futbol klubining 100 foiz davlat ulushi sotuvga qo`yildi

Sport 17.01.2024, 11:52
“Paxtakor” futbol klubining 100 foiz davlat ulushi sotuvga qo`yildi

“Paxtakor” futbol klubi mas`uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma`lum qildi. 

Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak bo`ladi:

  • futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
  • futbol klubi balansidagi barcha sport ob`ektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo`nalishlarida foydalanish;
  • “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

Aktivni sotish ikki bosqichda o`tkaziladi:

Birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to`liqligi, zakalat puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo`nalishlariga qo`yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi, talabgor va ular bilan bog`liq bo`lgan shaxslardan hech biri Evropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro`yxatiga kiritilmagani, shuningdek, kelajakda bunday ro`yxatlarga kirish ehtimolining pastligi ko`rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to`lovni amalga oshirish muddati), zakalat puli miqdori (narx taklifining kamida 5 foizini tashkil etishi) hamda to`lov qobiliyati baholanadi.

Shuningdek, “Paxtakor” O`zbekistonda 1956 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professional futbol klubi hisoblanadi. Jamiyatning yuridik manzili: Toshkent shahri Islom Karimov ko`chasi 98A-uy. Aktiv egallagan maydon 24,1 gektarni tashkil etadi. Qurilish osti maydoni: 83 ming 332,73 metr kvadrat (8,3 gektar), foydali maydoni esa 24 ming 262,57 metr kvadrat (2,4 gektar). Aktiv hozirda “Munisipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi balansida hisoblanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1