Bryussel shahrida O`zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo`yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog`ida O`zbekiston–Evropa munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So`nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hozirgi vaqtda barcha darajalarda, jumladan, oliy darajada yaqin aloqalar saqlanib qolmoqda. Evropa kengashi rahbarining O`zbekistonga tashrifi, Markaziy Osiyo va Evropa Ittifoqi davlat rahbarlarining ikkita uchrashuvi, o`zaro aloqalar bo`yicha Samarqand konferensiyasi va boshqalar muvaffaqiyatli o`tdi.
Tomonlar o`zaro manfaatli barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekani tasdiqlandi.
Sharl Mishel O`zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyodagi konstruktiv siyosatini olqishladi. Mintaqa va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarning barcha ko`lamini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ushbu sa`y-harakatlar alohida qayd etildi.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.