Uganda O`zbekiston bilan diplomatik aloqalar o`rnatgan 145-davlat bo`ldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
2024 yil 18 yanvar kuni Kampala shahrida (Uganda) O`zbekiston va Uganda o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risida Qo`shma kommyunike imzolandi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Bahromjon A`loev va Uganda Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeje Odongo imzoladi.
Suhbat chog`ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yishga o`zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uganda TIV rahbari Markaziy Osiyo davlatlari bilan do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va o`zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash ustuvor yo`nalish etib belgilangan O`zbekistonning tashqi siyosatini hamda davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan tashabbuslarni rasmiy Kampalada yuqori baholashlarini ta`kidladi.