O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xalq yig`inlari uyida o`tgan uchrashuvda ko`p qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
XXR hukumati rahbari ikki mamlakat etakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa`y-harakatlari tufayli O`zbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yo`nalishlarda misli ko`rilmagan darajaga ko`tarilganini qayd etdi.
O`tgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord ko`rsatkich – 14 milliard dollarga etdi. Bu ko`rsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini o`zaro etkazib berishni ko`paytirish hisobiga 20 milliard dollarga etkazish uchun salohiyat mavjudligi ta`kidlandi. Xitoydan O`zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investisiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.
Infratuzilmani modernizasiya qilish, sanoat kooperasiyasini, qishloq xo`jaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo`yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xitoyning etakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari ko`rib chiqildi.
22 yanvar kuni Urumchi shahrida o`tgan birinchi O`zbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat ko`rgazmasi natijalari yuqori baholandi.
Xitoyda shu kunlarda ta`lim forumi va O`zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o`tkazilayotgani qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini ta`kidladilar.
Yakunda Prezidentimiz XXR Davlat kengashi Bosh vazirini tashrif bilan O`zbekistonga kelishga taklif qildi.