24 yanvar kuni Pekin shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegasiyalar a`zolari ishtirokidagi muzokaralari bo`lib o`tdi.
Uchrashuv avvalida Prezidentimiz Xitoy etakchisiga tashrif bilan kelish taklifi va ko`rsatilayotgan iliq mehmondo`stlik hamda Yangi O`zbekistondagi islohotlarning yuksak e`tirofi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli sur`atga erishilganini ta`kidladilar.
Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz muhim masalalar yuzasidan bir-birini qo`llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`tgan yil noyabr oyida Pekin shahrida Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Parlamentlararo hamkorlik faollashdi.
Prezidentimiz XXR Raisiga kambag`allikka qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikka shaxsan e`tibor qarayotgani va qo`llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirdi.
Tomonlar O`zbekistonda Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional ta`lim tizimini joriy qilish bo`yicha pilot loyiha boshlanganini olqishladilar.
Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
O`tgan yil yakunlari bo`yicha tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga etdi. Yaqin istiqbolda buni 20 milliard dollarga etkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi to`g`risida yakdil fikr bildirildi.
Keyingi yillarda Xitoydan O`zbekiston iqtisodiyotiga investisiyalar hajmi besh barobar, qo`shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi.
Infratuzilma, sanoat kooperasiyasi, qishloq xo`jaligi va “yashil” energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.
Shu ma`noda, o`tgan yil oxirida O`zbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida quvvati 1000 megavattlik ikkita yangi quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xitoyning etakchi banklari, “Ipak yo`li” fondi va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuqori baholandi.
Davlatimiz rahbari investisiya loyihalarini qo`llab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qo`shma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarorini olqishladi.
Prezidentimiz xitoylik sheriklarni O`zbekistondagi davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Etakchilar hududlararo almashinuvlar faollashganiga mamnuniyat bildirdilar. Bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun O`zbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldilar.
“Bir makon, bir yo`l” tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit ko`prigining muhim tarkibiy qismi bo`ladigan “Xitoy – Qirg`iziston - O`zbekiston” temir yo`lini qurish bo`yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhim ekani ta`kidlandi.
Kuni kecha Pekinda birinchi ta`lim forumi, Shanxayda O`zbekistonning turizm imkoniyatlari ko`rgazmasi muvaffaqiyatli o`tgani qayd etildi. Shu kunlarda o`tayotgan O`zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg`otdi.
Ta`lim va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, o`zaro madaniyat kunlarini o`tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi ko`rsatib o`tildi. Qo`shma Yoshlar innovasiya forumini o`tkazish taklif qilindi.
Rejalashtirilgan barcha tadbirlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Hukumatlararo qo`mita va uning barcha kichik qo`mitalari yig`ilishlarini joriy yilning birinchi yarmida o`tkazishga ahdlashib oldi.
Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozisiya o`zgarmas ekani tasdiqlandi.
Muzokaralar yakunida O`zbekiston etakchisi XXR rahbarini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif qildi hamda do`st Xitoy xalqining yaqinlashib kelayotgan xitoycha Yangi yil – “Chun Sze” bayrami bilan tabrikladi.
Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do`stlik ruhida o`tdi.