1

Xitoy kompaniyalari bilan 70 million AQSh dollarlik shartnomalar imzolandi

Iqtisodiyot 24.01.2024, 21:59
Xitoy kompaniyalari bilan 70 million AQSh dollarlik shartnomalar imzolandi

Xitoyning Urumchi shahrida O`zbekiston-Xitoy birinchi hududlararo biznes-forumi hamda “Made in Uzbekistan” milliy ko`rgazmasi tashkil etildi.

Ushbu ikki tadbirda O`zbekiston delegasiyasi tarkibida “O`zcharmsanoat” uyushmasi hamda unga a`zo korxonalar vakillari ishtirok etib, Xitoy kompaniyalari va investorlari bilan samarali muloqot va muzokaralar o`tkazdi.  

“O`zcharmsanoat” uyushmasi delegasiyasi Xitoyning charm-poyabzal sohasida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalari bilan hamkorlik yo`nalishlarida muzokaralar olib bordi. Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyalariga yurtimizda davlat tomonidan investorlar uchun berilgan imkoniyatlar, sohaning bugungi kundagi holati, eksport geografiyasi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifat ko`rsatkichlari yuzasidan taqdimot o`tkazildi. 

Xususan, Xitoyning “Wenzhou Jinsheng Trading Co.,Ltd” va “Veng Yubiao” kabi kompaniyalari bilan yurtimizda chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish maqsadida qoramol terisini chuqur qayta ishlash va engil turdagi poyabzal (tapochka) uchun xomashyo ishlab chiqarishni tashkil etish bo`yicha muzokaralar o`tkazildi.  

Shuningdek, “Made in Uzbekistan” ko`rgazmasiga tashrif buyurgan xitoylik kompaniyalarga mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan charm-poyabzal va jelatin mahsulotlari namoyish etildi. Jumladan, Xitoyning “Yangling Guohe Cross-border E Commerce Co., Ltd” va “Zaozhuang Tong You Trading Co.,Ltd” kabi kompaniyalari tomonidan mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlarini sotib olish takliflari bildirildi. 

Xitoyning “Pus” kompaniyasi ijrochi direktori Lanse Liyu bilan o`tkazilgan muzokaralarda yurtimizda davlat tomonidan investorlar uchun berilgan engilliklar yuzasidan ma`lumot taqdim etildi. Xorijiy kompaniya tomonidan yurtimizda jelatin mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha 10 million AQSh dollarlik investisiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun zarur bo`ladigan er maydonini aniqlash maqsadida, hamkorlar joriy yilning mart oyida O`zbekistonga tashrif buyurishiga kelishib olindi.  

Bundan tashqari, ko`rgazma maydoniga tashrif buyurgan Xitoyning “Wuxi Hanlin Industrial Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan yurtimizda ishlab chiqarish jarayonlari xususan, poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur bo`lgan kley mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo`yicha muzokaralar o`tkazildi.  

Shuningdek, eksport yo`nalishida ham ko`plab xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o`tkazilib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi. Jumladan, Xitoyning  “Shenzhen Shunliyuan Import and Export” kompaniyasi tomonidan “Nafis Charm”, “Baraka leather” va “Hamkor Nur Savdo” mahalliy korxonalarida ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlarini sotib olish takliflari bildirildi.  

Surxondaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan  “Top Quality Brend” korxonasi va Xitoyning “Power Uhuru Share Ltd” kompaniyasi o`rtasida bo`lib o`tgan muzokaralarda mamlakatimizda jelatin xom ashyosini ishlab chiqarish bo`yicha fikr almashildi. Xalqaro standartlar asosida yo`lga qo`yiladigan loyiha 2024-2025 yillarda amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etadi. Muzokaralar yakuni bilan tomonlar kelishuv shartnomasini imzoladi.  

Muzokaralar so`ngida Xitoy kompaniyalari bilan umumiy qiymati 70 million AQSh dollarlik savdo-investisiya shartnomalari imzolashga erishildi.  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1