1

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 25.01.2024, 13:29
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta`sirida shakllanayotgan kutilamalarni inobatga olib asosiy stavka darajasio`zgarishsiz qoldirildi. Prognozlarga ko`ra, inflyasiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyasiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish traektoriyasini ta`minlashga qaratilgan.

Umumiy inflyasiya so`nggi oylarda 8,8 foizdarajasida saqlanib qoldi. Iste`mol savatidagi tovarlar guruhida inflyasiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyasiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyasiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko`rsatadi.

Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyasion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotganligi, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to`liq moslasha olmayotganligi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, so`nggi so`rovlar natijalariga ko`ra, sezilgan inflyasiya va inflyasion kutilmalar yuqori darajalarda saqlanib qolmoqda.

2023 yilda iqtisodiy o`sishning 6 foizgachatezlashishiga, asosiy kapitalga investisiyalar hajmining yuqori sur`atda o`sishi muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning ijobiy dinamikasi, fiskal rag`batlantirishlarning yuqori bo`lganligi va pul o`tkazmalari iqtisodiy o`sish sur`atlarini qo`llab-quvvatlovchi omillardan bo`ldi.   

Jahon iqtisodiyotdagi qat`iy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi ta`sirida global inflyasiyaning joriy yilda ham sekishlashishda davom etishi kutilmoqda.

Savdo hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so`mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda.

Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profisitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operasiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining joriy yil davomida ham monetar operasiyalarni faol qo`llagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi. 

Milliy valyutadagi depozitlar bo`yicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining o`suvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko`ra, asosiy ssenariy bo`yicha 2024 yilda umumiy inflyasiya 8-9 foiz, bazaviy inflyasiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlashning ichki omillari, ya`ni tarkibiy islohotlar sur`atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta`sirchanligiga bog`liq bo`ladi.

Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan o`zgarishlar, aksiz va qo`shilgan qiymat solig`i bo`yicha kiritilgan so`nggi o`zgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik ta`sir ehtimollarini pasaytirish choralari ko`rilmoqda.

Asosiy tashqi xatarlar, global fragmentasiyaning kuchayishi va yuqori global inflyasion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bog`liq bo`ladi.

Yalpi ichki mahsulotning real o`sishi 5,5-6 foiz atrofida bo`lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o`sishning asosiy omillari bir tomondan, iste`mol talabi bo`lsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta`sirida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy va mahalliy investisiyalar hajmining oshishi bo`ladi.

Markaziy bank asosiy stavka bo`yicha kelgusi qarorlarini umumiy inflyasiyaning yangilangan prognozlaridan kelib chiqib qabul qiladi va inflyasiyaning 5 foizlik target ko`rsatkichiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta`minlab boradi.

 

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha navbatdagi yig`ilishi 2024 yil 14 martga belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1