1

“Xitoy bilan hamkorlik qaramlikmi?”

Siyosat 19.02.2024, 11:11
“Xitoy bilan hamkorlik qaramlikmi?”

Sal avval O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi. Tashrif davomida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. 

O`zbekiston – Xitoy tashqi savdo aylanmasi 2022 yilda 8,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo`lsa 2023 yilning 11 oyida bu ko`rsatkich 12,2 mlrd dollarga etgan. Mazkur raqamlardan ham ko`rishimiz mumkinki, Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. 

Internet tarmog`ida hamkorlik O`zbekistonni Xitoyga qaram qilib qo`yishi bilan bog`liq ba`zi fikrlar paydo bo`ldi. Ho`sh, aslidachi? Hamkorlik qaramlikmi? Keling shu to`g`risida biroz mulohaza yuritamiz.

Nima uchun aynan Xitoy?

Evropalik allomalardan birining “Nur – sharqdandir” degan gapi bor. Buni kimdir quyoshning sharqdan chiqishiga yo`ygan bo`lsa, yana kimdir “Ilm-ma`rifat ziyosi shu erdan taralgan” - deya talqin qiladi. Ikkala qarashda ham jon bor. O`tmishga nazar tashlasak ham, bugungi kun haqida fikr yuritsak ham sharqda har jihatdan yuqori potensial mavjud. Va bugun Xitoyning jahondagi o`rnini e`tirof etish lozim. Mazkur davlat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobil eksporti bo`yicha hamda kemasozlik bozorida dunyoda birinchi o`rinni egallaydi. Xitoyning har tomonlama imkoniyatlari haqida ko`p va ho`p gapirish mumkin. U bilan hamkorlik qilayotgan O`zbekiston qanday manfaat topishi esa asosiy masala.

Xitoy investisiyasidan nima naf?

Mamlakatimiz iqtisodiyoti so`ngi yillarda yuksak sur`atlarda, shu bilan birga barqarorlikni saqlagan holda o`sib boryapti. Iqtisodiyotda esa barqaror so`zi qadrlanadi. Bu oddiy qilib aytganda ishonchli va xavfsiz degan ma`noni anglatadi. Shu o`rinda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni ham alohida e`tirof etish joiz. Shu va boshqa omillar sabab mamlakatimizga ishonch bilan investisiya kiritayotganlar soni ortib bormoqda.

Statistika agentligining ma`lumotlariga ko`ra, 2023 yilning 
yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston Respublikasida asosiy kapitalga o`zlashtirilgan investisiyalar hajmi 226,6 trln so`mni tashkil etgan. Bunda Xitoy eng yuqori ulushga ega bo`lgan investor mamlakat sifatida birinchi o`rinda turibdi. Davlatimiz raxbarining Xitoyga tashrifi yakunlariga ko`ra bu ko`rsatkich yana bir necha barobarga oshishi ko`zda tutilmoqda. Xush, shu bilan O`zbekiston Xitoyga qaram bo`lib qoladimi? Albatta, yo`q. 

Investisiya – iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida o`z mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, misol uchun ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovasiya, tadbirkorlik bo`yicha istiqboli bor loyihalarga uzoq yoki muddatli kapital kiritishdir. Ya`ni provardida foyda olish ko`zlanadi. Bu jarayonda investisiya kirib kelayotgan davlat uchun qanday naf bor? Keling dastlab biroz shunga to`xtalamiz. 

Birinchidan, investorlar soni va investisiya miqdorining oshishi mamlakatimizga nisbatan ishonchning ortayotgaidan darak beradi. Va bu o`z navbatida, jonajon diyorimizning xalqaro maydonda tutgan o`rnini yuqori pog`onalarga ko`taradi.

Ikkinchidan, agar kirib kelayotgan mablag` to`g`ri yo`naltirilsa, nafaqat iqtisodiy foyda olish mumkin, balki, ko`plab yangi ish o`rinlari yaratilishi bilan birga, O`zbekistonda “Made in Uzbekistan” brenddagi mahsulotlarning turi va hajminining oshishiga olib keladi. Umuman shunga o`xshash boshqa ko`plab ijobiy jihatlar kuzatiladi. Bugun O`zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylib ulgurdi. Ishlab chiqarish korxonalaring soni va eksport hajmi ham kundan-kunga ortib bormoqda. Va bu ishlarning aksariyati investisiya tufayli desak mubolag`a bo`lmaydi.

O`zbekistonda Xitoy kapitali asosida tashkil etilgan korxonalar soni 2125 tani tashkil etadi. 2023 yilning o`zinda 601 ta korxona ishga tushirildi. 2017-2022 yillarda Xitoy investisiyalarining hajmi 
10,9 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilning 11 oyida O`zbekistonga 
40 mingdan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. O`zbekiston eksportining 50 foizi 4 ta bozorga to`g`ri keladi. Ushbu to`rttalikning orasida Xitoy bozori 2-o`rinda.Demak ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgan mamlakatimiz uchun Xitoy yaxshi bozor. Bu esa o`z o`rnida foydaning ko`payishiga sabab bo`ladi.

Tashrif natijasi nima beradi?

Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Pekin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o`tkazdi. So`ng etakchilar Qo`shma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to`plami imzolandi.

Tashrifning birinchi kunida ushbu mamlakat Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan va Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo`mitasi Raisi Chjao Leszi bilan ham uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki, CNPC va CITIC korporasiyalari, Xitoy 
Eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar o`tkazildi.

Davlat tashrifining ikkinchi kuni Xitoyning innovasiyalar poytaxti – Shenchjen shahrida ishbilarmonlik tadbirlari bayrog`i ostida o`tdi. O`zbekiston Prezidenti Guandun muzofoti partiya qo`mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan hududlararo aloqalarni muhokama qildi.

Mamlakatimiz etakchisi Xitoy yirik biznesining 600 dan ziyod vakillarini yig`gan qo`shma Investisiya forumida ishtirok etdi hamda Ipak yo`li fondi, “SANY” va “CSG” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Global elektromobillar bozori peshqadami – “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarishga start berdi.

Aslida, har bir kelishuv, har bir imzolangan hujjatning salmog`i, foydali jihatlari to`g`risida ko`p gapirish mumkin. Keling, biz O`zbekistonda “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarishga to`xtalamiz. Dastlabgi kelishuvlarga ko`ra 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi kerak edi. Tashrif chog`ida bu raqam 500 mingtani tashkil tashkil qilishi bo`yicha kelishuvga erishildi. Bu O`zbekisnon va uning xalqiga nima beradi.

Elektormobillar sonining oshishi birinchi navbatda ekologiyaga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Lekin, ularning narxi oddiy avtomobillarga nisbatan qimmatroqligi ma`lum. Shu sababli ham bunday mashinalarni hamma ham sotib olishni istamaydi. Istasa ham balki cho`ntagi ko`tarmaydi. Ma`lum bo`lgan yana bir haqiqat bor. Bozorda qaysi mahsulotning soni ko`paysa, uning narxi arzonlashadi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning tan narxini pasaytirish ham ko`zda tutilgan. 

Hulosa nima?

Yuqorida biz ba`zi ijobiy omillar haqida gapirib o`tdik. Bu dengizdan tomchi holos, desak mubolag`a bo`lmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi aloqalarni qaramlik deb emas, balki o`z nomi bilan istiqbolli hamkorlik deb atash mantiqan to`g`ri bo`ladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1