1

Tanzila Narbaeva BMT minbarida qator tashabbuslarni ilgari surdi

Siyosat 13.03.2024, 08:44
Tanzila Narbaeva BMT minbarida qator tashabbuslarni ilgari surdi

Xabar berganimizdek,  BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Ayollar holati bo`yicha komissiyasining 68-sessiyasi bo`lib o`tmoqda. Uning ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo`yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi bo`lib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish bo`yicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shug`ullanadi.

Bu yilgi sessiyada kambag`allikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklarasiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama qilinmoqda.

Anjumanda dunyo davlatlarining sohaga mas`ul parlament va hukumat idoralari, vazirlik va tashkilotlari, nodavlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.

BMT Ayollar tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda dunyo bo`ylab ayollarning 10,3 foizi o`ta qashshoqlikda yashaydi. 2030-yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambag`allikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravar tezroq bo`lishi kerak.

Shu bois, anjumanda butun dunyo hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar va faollar ayollarning qashshoqligini tugatish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan harakatlarni ishlab chiqish  va investisiyalarni jalb qilish masalalariga e`tibor qaratishmoqda.

Ushbu nufuzli tadbirga tayyorgarlik ko`rish jarayonida BMT Ayollar tashkiloti keyingi 5 yilda O`zbekistonning gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ko`plab ijobiy natijalarini e`tiborga olib, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo`yicha respublika komissiyasi bilan kelishgan xolda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlarining sessiya bo`yicha maslahatlashuvlarini Toshkent shahrida o`tkazgan edi.

Tadbir yakunlari bo`yicha ayollar va qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida yagona pozisiya ishlab chiqildi.

68-sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan Oliy Majlis Senati Raisi so`zga chiqib, bugungi kunda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirayotgani, qo`shma sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani, gender tenglikni ta`minlash sohasida o`zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini ta`kidlab, hamkorlik bo`yicha umumiy yondashuvlarni ma`lum qildi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, kambag`allikni qisqartirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun  BMTning “Ish o`rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” doirasida global darajada ayollar va qizlarni himoya qilish bo`yicha samarali choralar ko`rish, o`quv dasturlari va o`qitish uslublariga, shuningdek, STEM-ta`limiga, ayniqsa, qishloq joylarda gender yondashuvini joriy etish  taklif etildi.

Shuningdek, hududlarda BMTTD loyihalari doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa qishloq ayollari uchun raqamli savodxonlik va IT ko`nikmalarini oshirish dasturlarini amalga oshirishga ko`maklashuvchi raqamli tafovutni bartaraf etish bo`yicha normativ-huquqiy bazani tartibga solish lozimligi aytib o`tildi.

68-sessiya o`z ishini davom ettirmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1