Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning mamlakatdagi elchisiga Rossiyada Tojikiston fuqarolarining huquq va erkinliklari «keng miqyosda poymol etilayotgani» munosabati bilan norozilik notasi topshirganini ma`lum qildi. Bu haqda Tojikiston ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
TIV, shuningdek, Rossiya Federasiyasida Tojikiston fuqarolariga nisbatan «keskin salbiy munosabat namoyon bo`lishining ommaviy holatlari» yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.
«Notada bunday harakat faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo`llanayotgani, bu tojik-rus munosabatlari ruhi va an`analariga tubdan mos kelmasligi qayd etildi», — deyiladi vazirlik xabarida.
O`tgan hafta Tojikiston TIV mamlakat fuqarolariga «o`ta zarurat bo`lmasa» Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgan edi. Bungacha vazirlik so`nggi bir necha hafta ichida fuqarolarning Rossiyaga kirishiga ommaviy to`sqinlik qilinayotgani haqida xabar bergan edi.
28 aprel kuni vazirlik 1000 ga yaqin Tojikiston fuqarosi Moskva aeroportlarida qolib ketgani, ular orasida Rossiya hukumati grantlari asosida o`qish uchun kelgan talabalar ham borligini ma`lum qilgandi. TIV vaziyatni murakkab deb atagan va «bunday cheklov choralari» faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo`llanayotganini ta`kidlagandi.
25 aprel kuni Asia Plus nashri Orenburg viloyatidagi Qozog`iston-Rossiya chegarasida Tojikiston davlat raqamlariga ega 180 ga yaqin avtomobil to`planib qolganini yozgan edi. Nashr ma`lumotlariga ko`ra, Tojikiston fuqarolariga chegaradan o`tishga faqat telefon tekshiruvi va so`roqdan so`ng ruxsat berilgan.
Rossiya TIV Rossiya Federasiyasi va Qozog`iston chegarasida xorijliklarni tekshirish zaruriyatini «terrorchilik tahdidining saqlanib qolayotgani» bilan izohlab, «chegarani kesib o`tgan shaxslarning fuqaroligidan qat`iy nazar» barchasi tekshirilayotganini ma`lum qilgan.
22 mart kuni Moskva viloyatidagi «Krokus siti holl» konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o`t ochgan. Terakt oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo`lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan, 11 kishi teraktni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan, asosiy ayblanuvchilar sifatida Tojikistonlik migrantlar ko`rilgan. Shuning fonida Rossiyada migrantlarga qarshi choralar, masalan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarliklar uchun deportasiya qilish, shuningdek, patentlarni cheklash kabilar haqida munozaralar kuchaydi.