1

Har 2 yilda bir marta tarixiy shahar Xivada o`tkazilayotgan “Lazgi” II xalqaro raqs festivalidan fotoreportaj

Jamiyat 30.04.2024, 18:29
Har 2 yilda bir marta tarixiy shahar Xivada o`tkazilayotgan “Lazgi” II xalqaro raqs festivalidan fotoreportaj

Tanimasni siylamas, degan naql bor xalqimizda. Bir necha yil istiloda, bizga har tomonlama begona imperiya soyasida yashagan xalqimiz va mamlakatimizning o`zini dunyoga tanitganiga ancha bo`ldi.

 Qaerdansan, deb so`ragan xorijlikka “O`zbekistondanman” desangiz, “Pokiston, Afg`oniston” deya qayta so`ramay qo`yishganiga ancha bo`ldi. Mamlakatimizning dunyoga yuz ochishida davlat tizimlari bilan birga xalq diplomatiyasi katta rol o`ynab keldi. 

Zero, davlat va diplomatik aloqalarda baribir cheklovlar, protokollar va hadiklar bo`ladi. Xalq diplomatiyasi esa norasmiy va turli tartiblardan xoli yo`l.

 Odamlarning o`zaro bordi-keldilari, turli yo`nalishlardagi yaqin munosabatlari ba`zan diplomatik tashriflardan ko`ra ko`proq ma`naviy-siyosiy foyda keltiradi.

 Shuningdek, yurtimizda tashkil etilayotgan turli xalqaro siyosiy-ilmiy hamda madaniy tadbirlar ayni shu xalq diplomatiyasining yana bir samarali jihati sifatida yurtimiz imjini ko`tarish, uning investision va sayyohlik salohiyatini mustahkamlashga ulkan hissa qo`shmoqda.

27 aprel kuni tarixiy shahar Xivada ochilgan “Lazgi” II xalqaro raqs festivali ham xalq diplomatiyasi ruhiyatini o`zida mujassam qilgan yana bir madaniy platformaga aylanganini namoyon qildi.

Festival doirasida “Xorazm “Lazgi” raqsi: madaniy diplomatiyani rivojlantirishning ilmiy-nazariy, ma`naviy-ma`rifiy tamoyillari” mavzusida o`tkazilgan ilmiy konferensiyada ta`kidlanganidek, bu raqs festivali xalq diplomatiyasi tushunchasiga “Lazgi diplomatiyasi”ni ham uyg`unlanlashtirmoqda.

 Bu festival yurtimiz san`ati va madaniyatini jahonga tanitish, o`zaro aloqalarimizni yangi va ijobiy darajaga ko`tarishimizga bevosita ko`maklashmoqda. 

Konferensiya davomida Xalqaro Turkiy Madaniyat tashkiloti – TURKSOY  Bosh kotibi Sultan Raev tomonidan o`zbek milliy raqs san`atiga uzoq yillar xizmat qilgan fidoyi ustozlar Gavhar Matyoqubova, Ziyoda Madrahimova, Karima Uzoqovalarga TURKSOYko`krak nishoni topshirilgani ham Lazgi raqsining xalqlar o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlashga va xalqaro munosabatlarni yaxshilashga qo`shgan hissasining isboti deya qarash mumkin.

Lazgi festivalini faqat xalq diplomatiyasining tantanasi deyish to`g`ri bo`lmaydi. Chunki bu xalqaro tadbir ma`anaviy boyligimizni tiklash va asrashga, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib qilib tarbiyalashga ham xizmat qilishi shubhasiz.

 Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o`z nutqida aytganidek, vatanimizning eng bebaho madaniy boyliklaridan biri, shubhasiz, asriy an`analarga ega milliy raqs san`atimizdir. Ushbu san`atning xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy an`ana va qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi o`rni katta ekaniga shubha yo`q.

 Shu boisdan ham yurtimizda milliy raqs san`atini rivojlantirishga, raqs jamoalari va mutaxassislarni qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Har 2 yilda bir marta o`tkazilayotgan ushbu Lazgi festivaliga dunyoning 30 mamlakatidan kelgan turli folklor raqs jamoalari lazgi raqsini o`z talqinlarida namoyish etadi. 

Ayrim jamoalar esa o`z milliy raqslarini tomoshabinlar hamda hakamlar hay`ati hukmiga havola etishadi.

Festival 30 aprelgacha davom etdi.

 

                                                                           Abulfayz Sayidasqarov, Xivadan maxsus tayyorlandi 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1