1

Oyoqlardagi doimiy og`riqlar qanday kasalliklardan darak beradi?

Salomatlik 02.05.2024, 18:03
Teglar: Oyoqlardagi doimiy og`riq
Oyoqlardagi doimiy og`riqlar qanday kasalliklardan darak beradi?

Kun davomida tanamizning og`irligi oyoqlarga tushadi. Natijada ular zo`riqib, og`riydi. Agar bu holat tez-tez va doimiy kuzatilsa, qandaydir kasallik belgisi bo`lishi mumkin. Xo`sh, ular qanday xastaliklar? Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Quyida ular haqida batafsil ma`lumot beriladi. 

Endarteriit. Bu xastalik payti boldirdagi o`tkir og`riq yurganda boshlanadi. Dastlabki 50-70 metr engil o`tsa-da, undan keyingi yurish jarayoni og`riq va uvishish bilan kechadi. Shu sababli bemor dam olib, so`ng qadam bosishga majbur bo`ladi.

Mazkur kasallikda, hatto, yotgan holatda ham oyoq kafti va son sohasida og`riq bezovta qilishi mumkin. Bunda oyoq pastga osiltirilganda zo`riqish biroz pasayadi. Og`riq juda kuchayganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Chunki bu yirik arteriya berkilib qolganining belgisi bo`lishi mumkin.

Arteriyalar aterosklerozi. Ushbu xastalikda boldirlarni siquvchi og`riq va tirishishlar yurganda, yugurganda, zinadan ko`tarilganda kuchayadi. Oyoq kafti qish va yozda birdek sovuq bo`lib, og`riq tunda zo`rayishi, erkaklarda ko`pincha jinsiy muammolar kuzatilishi mumkin.

Bel-dumg`aza osteoxondrozi. Kasallik oyoqlardagi sanchuvchi og`riqning tinch paytda ham bezovta qilishi bilan boshlanadi. Keskin harakatlar payti va zo`riqqanda yanada kuchayib, dam olganda ham yo`qolmaydi. Oyoqning kaftidan to yonboshgacha bo`lgan qismining orqa va yon tomonlari ham og`riyotgan bo`lsa, bu bo`yin qismi nervi yallig`lanishidan dalolat beradi.

Tromboflebit. Ushbu xastalikda boldir mushaklarida puls kabi urib turuvchi og`riq kuzatilib, ko`pincha achishishga o`tib ketadi. Oyoq qizaradi, shishadi, tomirlar bo`ylab og`riqli bo`rtmalar paydo bo`ladi.

Saramas (roja). Bu kasallikda bemorni tinch holatda ham boldirdagi kuchli og`riq bezovta qiladi. Teri qizarib, tana harorati ko`tariladi, qaltiroq bosadi. Mazkur xastalik yuqumli bo`lgani bois, uni infeksionist shifokor davolaydi.

Artroz yoki artrit. Bemor yurganida yoki uzoq vaqt bir joyda turganida bo`g`imlarda o`tkir burovchi og`riq paydo bo`lishi bilan kechadi. Bo`g`imlarning shakli o`zgarib, ular qisirlay boshlaydi. Ob-havo o`zgarganida og`riq yanada kuchayadi. Bo`g`im sohasi shishadi, qizaradi, qiziydi.

Qandli diabet. Bu xastalikda oyoq tomirlari tortishishi, shish, og`riq kuzatiladi. Boldir terisi quruqshab, po`st tashlaydi va qichishadi. Oyoq ko`pincha uvishib, terida chumoli o`rmalagandek bo`ladi. Bu kasallikka tashxis qo`yish uchun qand miqdorini aniqlovchi tahlil topshirish kerak.

Osteoporoz. Bemorni boldir sohasida tomir tortishishi va kuchli og`riq bezovta qiladi. Muammo asosan 40 yoshdan oshgan ayollarga xos.

Podagra. Bu kasallik tufayli oyoqning bosh barmog`ida o`tkir, puls kabi urib turuvchi og`riq kuzatiladi. Barmoq qizaradi, shishadi, issiqqa juda sezgir bo`lib qoladi.

Mialgiya. Son mushaklarida og`riq bilan boshlanib, u jismoniy zo`riqishlar va nam yoki sovuqda zo`rayadi.

Shuningdek, varikoz tomirlarning kengayishi, yassioyoqlik va tovon pixi kabi kasalliklarda ham oyoq sohasida og`riqlar kuzatiladi. Ularni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash uchun o`z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1