1

O`zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodi quriladi

Jamiyat 06.05.2024, 11:35
O`zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodi quriladi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va “China CAMC Engineering” kompaniyasi raisi Van Bo o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda O`zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ma`muriy islohotlar, shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimi borasida vazirlik zimmasiga yuklangan ustuvor vazifalar haqida ma`lumot berildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda qulay investisiya muhitini yaratish va investisiya jozibadorligini oshirish borasidagi izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta`kidlandi.

O`z navbatida, Xitoy tomoni chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sanoatini rivojlantirish bo`yicha rejalar potensial hamkorlar va investorlar uchun aniq belgilab berilganini qayd etdi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering Co., Ltd” kompaniyasi o`rtasida O`zbekiston Respublikasida chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo`yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uchrashuv yakunida O`zbekistondagi chiqindilar bilan bog`liq ishlarni o`rganish va tashkil etish hamda respublika rahbariyatiga taqdim etish uchun zavodning dastlabki loyihasini ishlab chiqish maqsadida Xitoydan ekspert guruhini yuborish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, ekoturizm sohasida hamkorlik qilish va Samarqand viloyatining tog`li hududlarida yangi kanat yo`lini qurish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.

Uchrashuvdan so`ng mehmonlarni havo sifati monitoringi va ekologik qoidabuzarliklarga javob berishning onlayn tizimi hamda chiqindilarni yig`ish va tashish uskunalarini kuzatish tizimi bilan tanishtirish maqsadida vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziga tashrif uyushtirildi.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarishga kelishib oldilar.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1