1

Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Boshshtab rahbari Xersi Xa-Levni qamoqqa olish haqida order berish arafasida turibdi.

Dunyo 06.05.2024, 19:52
Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Boshshtab rahbari Xersi Xa-Levni qamoqqa olish haqida order berish arafasida turibdi.

The New York Times’ning ma`lum qilishicha, yahudiy davlati mulozimlarini Isroil armiyasining G`azo sektoridagi harbiy operasiya bahonasida insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblashlari mumkin. Shuningdek, Isroil hukumatining G`azo sektoriga jo`natilgan insonparvarlik yuklarini kiritishga to`sqinlik qilgani ham order uchun asos bo`lib xizmat qila oladi. 

MA`LUMOT UChUN:

XJS – Xalqaro jinoyat sudi (International Criminal Court) genosid, harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi hamda agressiya bilan bog`liq jinoyatlarga aloqador shaxslarni ta`qib qilish vakolatiga ega. 

Agar Isroil hukumati mulozimlarini hibsga olish haqida bunday order berilsa, XJSga a`zo mamlakatlar ularni qamoqqa olishlari kerak bo`ladi. 

Chunki XJSga a`zo bo`ladigan mamlakatlar Rim statutini imzolab, parlamentda ratifikasiya qilishgach, XJS orderlarini ijro etish majburiyatini o`z zimmalariga olishadi.

Ayni paytda Kanada, Avstraliya, deyarli barcha Evropa hamda Lotin Amerikasi davlatlari hamda ayrim Afrika davlatlari XJS a`zosi hisoblanadi. AQSh esa Rim statutini imzolasa-da, keyin uni qaytarib olgan.

Postsovet davlatlaridan Tojikiston, Armaniston va Gruziya XJS a`zosi hisoblanadi. Rossiya esa Rim statutini imzolagan, ammo ratifikasiya qilmasdan, keyin uni qaytarib olgan. Belarus, Qozog`iston va Turkmaniston, Rim statutini imzolamagan va ratifikasiya qilmagan. Qirg`iziston va O`zbekiston esa statutni imzolasa-da, ratifikasiya qilmagan va tabiiyki, hozircha XJS a`zosi hisoblanmaydi.

                                                                                                   Isroil  - daxlsiz davlat emas!

Ma`lumki, Isroil Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlardan ko`rgan (ehtimol o`ta bo`rttirilgan) aziyatlari evaziga har qanday qilmishlari uchun jazosiz qolishiga ishonib kelayotgan edi. Biroq oxirgi yarim yilda Falastin aholisiga nisbatan amalga oshirayotgan o`ta vahshiyona xunrezliklari jahon hamjamiyatining ko`zini ochmoqda. Dunyoning turli chekkalarida, turli toifalarga va yoshga mansub mansub hurfikr hamda insoniyligini yo`qotmagan aholi qatlamlari ommaviy namoyishlar o`tkazib, Isroildan falastinliklarga qarshi zulmi va genosidini to`xtatishni talab qilmoqda. Albatta Isroil bunday munosabatga o`rganmagani bois, doimgidek ularni HAMAS shotirlari va hamkorlari deya ayblashdan charchagani yo`q. Biroq XJS kabi umume`tirof etilgan tizimning Isroil etakchilarini Falastindagi insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun hibsga olish haqida order berishga shaylanayotgani yahudiy davlatining to`daboshilarini tom ma`noda tashvishga solib qo`ydi. Har holda, Isroilning Maariv gazetasi anonim manbalarga tayangan holda shunday ma`lumot tarqatgan. 

Gazetaning bildirishicha, ayni kunlarda Netanyahu va uning gumashtalari XJS berishga shaylanayotgan orderning haqiqatga aylanishiga qarshi amaliy harakatlarini avjiga chiqargan. Netanyahu tinmasdan AQSh senatorlari va shaxsan AQSh Prezidenti Jo Baydenga qo`ng`iroq qiilib, ularga bilvosita bosim o`tkazishga harakat qilyapti.

Bir yolg`onni yashirish uchun 40 yolg`on to`qiladi, deyishadi. Isroil ham hozirgacha jinoyatlarini “yopdi-yopdi” qilish uchun yana boshqa huquqiy-siyosiy jinoyatlarga qo`l urmoqda. Axios nashrining ochiqlashicha, yahudiy davlati rahbarlari o`z qudratli “homiylari”dan bevosita XJS prokurorlariga bosim o`tkazishni so`ragani fosh bo`lib qoldi. Bu esa har qanday qonunchilikda nomaqbul va jinoiy harakat hisoblanadi. Qolaversa, XJSning ma`lum qilishicha, sud rahbariyati hamda prokurorlarining hayoti va karerasiga zarar berish borasidagi bilvosita tahdidlar paydo bo`lgan.

                                                                                                Evropa Ittifoqi Isroil hukumatidan norozi

Isroil tomonining XJS xodimlariga bevosita va bilvosita tahdidlariga javoban Evropa Ittifoqi (EI) keskin bayonot bilan chiqdi. EIning tashqi siyosat idorasi vakili Peter Stano XJS va uning mulozimlariga qarshi qanday shakldagi tahdidlar nomaqbul ekani va EI buni ma`qullamasligini bildirdi. To`g`ri, bayonotda aynan Isroil nomi tilga olinmagan bo`lsa-da, gap yahudiy davlati haqidagi ketayotgani bayonot matnining mohiyatidan oson anglashiladi. 

“Evropa Ittifoqi XJS va Rim statutning mustaqil va to`laqonli faoliyat yuritishini himoya qilish maqsadida sobit. Mazkur sud va uning mulozimlariga tahdidlar nomaqbul ish” deya ijtimoiy tarmoqda yozgan Peter Stano. 

Stano o`z “tvit”iga XJSning unga tahdidlar va mulozimlariga bosim orqali ta`sir qilishga urinish faktlari haqidagi bayonotini ilova qilgan. 

Fevral oyida XJS prokurori Karim Xon sud G`azo sektorida sodir etilgan barcha jinoyatlarnifaol tekshirishda davom etayotganini bildirgan edi. U bir necha marta tomonlarni G`azoda urush qonunlari va odatlariga rioya etishga chaqirganiga qaramasdan, hozirgacha bu borada biror ijobiy o`zgarish ro`y bermaganini ta`kidlagan edi. Bundan tashqari, Karim Xon barcha garovga olinganlarni darhol ozod qilishga chaqirgan.

                                                                                                                       AQSh ruxsat bermaydimi?

Amerikalik mulozimlar XJSning bunday order berishni rejalashtirayotgani haqida aniq ma`lumotga ega emasligini ta`kidlagan. Lekin Oq Uyning Milliy xavfsizlik kengashi vakili Vashingtonning bu boradagi pozisiyasini ochiqlagan. Vashington XJSning yurisdiksiyasi Falastindagi mojaroga tatbiq etilmasligini bildirgan. AQSh tomonining taxmin qilishicha, Rim statutini imzolagan “ayrim” davlatlar hamda nodavlat tashkilotlar XJSni Isroilga qarshi qaror qabul qilishga majburlayotgan bo`lishi mumkin. 

Bundan avvalroq esa AQShning Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)dagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild XJS orderi masalasiga izoh berar ekan, rasmiy Vashington XJS faoliyatiga aralashmasligi va uning qaroriga ta`sir qilishga urinmasligini ma`lum qilgan edi.

Kezi kelganda ta`kidlash lozim, garchi Isroil XJS a`zosi bo`lmasa-da, uning yurisdiksiyasini tan olmasa-da, Falastin 2015 yilda ushbu tashkilotga qabul qilingan. Shu bois, aksariyat xolis ekspertlarning fikriga ko`ra,  XJS Falastin hududida, qanday tomon sodir etganidan qat`i nazar, tegishli jinoyatlarga nisbatan etarlicha yurisdiksiyaga ega. 

“Asosiy qahramon” Netanyahu esa shu yilning 26 aprel kuni birinchi marta XJSning order berishi ehtimoli haqida bayonot berib, sudning bunga “jur`at qilishiga yo`l qo`ymasligi” haqida dag`dag`a qilib, sudning bunday qadami “Isroilning o`zini mudofaa qilish huquqiga putur etkazishi”ni bildirgan edi. Netanyahuning sub`ektiv fikricha, “Yaqin Sharqdagi yagona demokratik davlat bo`lmish Isroil”ning harbiy hamda ma`muriy mulozimlarini hibsga olish “jahon miqyosida xavfli presedent” yaratishi mumkin. 

                                                                                                                 Masala qanday yakun topadi?

Netanyaxuga qarshi XJS orderi imzolanishi vaqt masalasi, xolos. Shu bilan birga, Isroil armiyasining G`azo sektorida davom ettirayotgan qilmishlaridan kelib chiqqan holda XJS Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Bosh shtab rahbari Xersi Xa-Levni ham qidiruvga berishi mumkin. Biroq AQSh tomoni masalaga jiddiy aralashsa, XJSning ehtimoliy qarori qabul qilinmasligi yoki bunday order berilgan taqdirda ham ushbu masala “fars”, ya`ni “kichik hajviy pesa”ga aylantirilib, uning qadrini tushirishga urinish kabi siyosiy texnologiya usullari ishga solinishi mumkin.

Garchi Isroil bu masalaga bepisand va “dimog`dorlik” bilan qarayotgan bo`lsa-da (yoki shunday ko`rinishga urinayotgan bo`lsada), masalaning ular zarariga hal qilinishidan qattiq xavotirlanmoqda. Falastin anklavida garovga olinganlarni ozod qilish bo`yicha muzokaralarda Isroil pozisiyasining biroz yumshagani ham bu fikrni quvvatlaydi. 

XJSning Isroil boshida turgan rahbarlarni qamoqqa olish haqida order bersa, bu Isroilning xalqaro maydondagi imidji va siyosiy obro`siga katta putur etkazadi, uning siyosiy va jo`g`rofiy mobilligini jiddiy cheklab qo`yadi. Eng asosiysi, Netanyahu XJSga a`zo davlatlarga borishdan qo`rqib qoladi, chunki bu davlatlar Netanyahuni hibsga olishga majbur bo`ladi. Agar bu tamoyilga amal qilinmasa, shundoq ham obro`si tushib ketayotgan va dunyo miqyosidagi mojarolarni samarali va ijobiy hal qilishda siyosiy ojizligini tobora kengroq ko`lamda namoyon etayotgan BMT va umuman barcha xalqaro tashkilotlarning imidjiga jiddiy va o`nglanmas zarba bo`lib tushadi. 

                                                                                                                                                                                                                                                        Abdulloh SAYYID

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1