Hindistonda Ukrainadagi urushga kamida 35 kishini yollagan to`rt nafar shaxs hibsga olindi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Hindiston Markaziy tergov byurosiga ko`ra, yollanganlarga yuqori maosh va Rossiya fuqaroligi va`da qilingan. Shu bilan birga, ularga jang qilish shart emasligi aytilgan va jangovar harakatlarda ishtirok etish bilan bog`liq bo`lmagan harbiy lavozimlar va`da qilingan. Biroq, aslida ular pulemyotlardan foydalanishga o`rgatilgan va frontga yuborilgan.
Hind huquq-tartibot idoralari vakillarining ma`lum qilishicha, qo`lga olinganlar xalqaro odam savdosi tarmog`ining bir qismidir. Hozirda tergov davom etmoqda.
AFP ma`lumotlariga ko`ra, Ukrainadagi urushda Hindistonning kamida ikki fuqarosi halok bo`lgan.
Reuters agentligining yozishicha, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga bu masalani hal qilish bo`yicha qat`iy talab qo`ygan. Avvalroq Hindiston TIV Rossiya armiyasi safida bo`lgan 20 ga yaqin hindistonliklarni o`z vatanlariga qaytarish ustida ish olib borayotgani haqida xabar bergan edi.