1

Toshkentda yana bir xususiy universitetning lisenziyasi bekor qilindi

Jamiyat 10.05.2024, 18:03
Toshkentda yana bir xususiy universitetning lisenziyasi bekor qilindi

O`zbekistondagi yana bir nodavlat oliy ta`lim muassasasi – Toshkent Texnologiyalar universiteti lisenziyasi bekor qilindi. Bu haqda kecha, 8 may kuni bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi rahbariyati ma`lum qildi.

Tafsilotlarga ko`ra, 2024 yilning 19 aprel kuni Toshkent Texnologiyalar universitetining lisenziyasini bekor qilish bo`yicha sudning ajrimi e`lon qilingan. Kelasi o`quv yilidan boshlab universitet o`z faoliyatini davom ettirmaydi. Universitet talabalari esa boshqa oliygohlarga o`qishga ko`chiriladi.

Ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, lisenziyalash, ta`lim sifatini ta`minlash departamenti boshlig`i Abduvali Xoliqov nodavlat OTM bilan vazirlik o`rtasida olib borilgan sud ishlariga aniqlik kiritdi.

   “Dastlabki bosqichdagi o`rganishlar natijasi bo`yicha 5 ta nodavlat OTM lisenziyasi bekor qilindi, sud qarori bo`yicha va belgilangan tartibda. Bundan tashqari, bir nechtasi o`rganish natijasi bo`yicha sudga berildi va ular belgilangan muddatlarda kamchiliklarini bartaraf etganligi va sudda buni asoslab berganligi uchun sud jarayoni to`xtatildi va OTM faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi. Tekshiruv o`tkazilgan hammasi ham yopilgani yo`q. Adashmasam, yaqinda bir manbadan ma`lumot chiqdiki, yirik nodavlat OTM yopilishi rejalashtirilgan, degan. Bunga o`xshash hech qanday reja yo`q”, deydi departament boshlig`i.

Abduvali Xoliqov, shuningdek, nodavlat OTMlarda nima uchun reyd o`tkazilayotganiga izoh berdi:

 “Qachon nodavlat OTMga o`rganishga boriladi? Qachonki o`sha tashkilotdan norozilik sifatida murojaat bo`lganida. “Risk analog” degan narsa bor, ya`ni qizil yonganda. O`sha erning talabalari vazirlikka murojaat qilishadi. O`sha murojaat asosida biznes ombudsmanga gapiramiz. O`z-o`zidan vazirlik borib tekshirolmaydi, kirolmaydi ham... Ruxsat olgan holda qonun doirasida o`rganiladi va inson – aynan talabalarga, professor o`qituvchilarga salbiy ta`sir qiladigan omillar aniqlanganida ularning faoliyati bo`yicha sudga murojaat qilinadi”, deydi u.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1