Tarbiyaning turli uslubi: to`g`risi qaysi?

SUG'DIYONA 17.12.2016, 11:44
Teglar: Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Ona va bola
Tarbiyaning turli uslubi: to`g`risi qaysi?

Men yaqindagina guvoh bo`lgan manzara: onasi bilan do`konga kirgan 2-3 yoshlardagi bolacha oyoqlarini erga urib yig`ladi: «mana shuni olib berasiz, dedimmi, olib berasiz!» Ona esa atrofdagilardan xijolat bo`lib, o`zini qo`yarga joy topolmaydi: «Voy, qara, mana bu xola doktor ekan, hozir senga ukol qiladi». Bola bir fursat menga xavotir bilan qaradi-da, doktorga o`xshata olmagach, yana baqirishda davom etdi. «Uyga boraylik, senga konfet beraman», avrashga tushdi ona…

Tarbiyaning turli uslublari bor: kimdir bolasiga yaxshi ish qilishi uchun nimadir olib berishga va`da bersa, boshqa ona esa uni qo`rqitishdan nariga o`tmaydi.

Bolaga «pora» berish

«Aytganimni qilsang, konfet olib beraman»

Maktabgacha yoshdagi bola o`zini yaxshi tutishi uchun ota-ona konfet, mashina yoki yana nimadir olib berishni va`da qilishadi. Maktab yoshidagilarga esa yaxshi o`qishi, «besh» baho olishi uchun «pora» berishadi.

Muammo qaerda?

Bu uslubning samaradorligini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo uni tarbiyaviy ahamiyatga ega uslub deb bo`lmaydi. Moliyaviy haq evaziga barpo bo`layotgan bu tarbiya usuli bolada oilaviy munosabatlar haqida noto`g`ri xulosa shakllantirishga olib keladi. Bu uslub oilada emas, ish uchun foydali. Oilaviy munosabatlar esa boshqa omillar ustida qurilishi kerak. Farzandingizni shu uslubda tarbiyalasangiz, undan yaqinlariga yordam berish, do`stlik, beg`araz yaxshilik qilish kabi fazilatlarni kutmasangiz ham bo`ladi. Chunki u kichikligidan har bir yaxshi harakatlari uchun moliyaviy mukofot olib ulg`aymoqda.

Qanday bo`lishi kerak?

Albatta bolani mukofotlab, maqtab turish kerak. Ammo yaxshi ishning avvalida haq va`da qilish to`g`ri emas. Uning o`rniga, masalan, o`quvchi fazandingiz chorakni yaxshi baholar bilan tugallaganda, uni yanada yaxshiroq harakatga undash uchun oila davrasida kichik bayramcha o`tkazib, bolani maqtab qo`yishingiz ham uning tarbiyasi uchun foydali.

Qo`rqitish

«Hozir do`xtir keladi, senga ukol qiladi»

Muammo qaerda?

Bu uslub ham vaqtincha yordam beradi, ammo bolada sababsiz qo`rqinch va xavotir hislarini rivojlantiradi. Bu erda qo`rqitish bilan birgalikda bolaga yolg`on gapirishni ham ko`rish mumkin. Natijada bola begonalardan, yolg`iz qolishdan, qorong`u xonadan qo`rqa boshlaydi, yolg`on gapirishni o`rganadi.

Qanday bo`lishi kerak?

  • Hayotda ehtiyotkor bo`lishni talab qiluvchi holatlar ko`p. Qo`rqinch esa bizni xavfdan ogohlantiruvchi hissiyot. Ehtiyotkorlik bilan qo`rqishning farqi shundaki, ehtiyotkorlik haqiqiy xavfga qaratilgan bo`lsa, qo`rqitish bolada xayoliy narsalardan qo`rqish hissini uyg`otadi. «Yugurma, yiqilib tushishing mumkin» kabi so`zlar ehtiyotkorlik chorasi bo`lsa, «Bo`ri keladi, seni eb qo`yadi» deyish qo`rqitishdan o`zga narsa emas.
  • Bolani qo`rqitishdan avval o`zingizga savol bering: siz uni biror-bir xavfdan ogohlantirayapsizmi yoki o`z istagingizni qildirmoqchimisiz? Ikkinchi holatda bolaga ta`sir qilishning boshqa yo`lini qidiring.

Mensimaslik

«Ko`zimga ko`rinma!»

Muammo qaerda?

Bolada «yaxshi bola bo`lsam, yaxshi ko`rishadi, yomonlik qilsam, meni yaxshi ko`rmay qo`yishadi», degan fikr yuzaga keladi. Natijada bolada boshqalarning fikridan kelib chiqib harakat qilish hissi paydo bo`ladi.

Qanday bo`lishi kerak?

  • 3 yoshgacha bo`lgan bolalarga bu uslubni qo`llamang. Bu bola ruhiyatiga qattiq ta`sir ko`rsatadi.
  • Bola biror yomonlik qilayotgan bo`lsa, avvaliga unga bu xatoni tushuntirish zarur. Ikkinchi bor bu harakat takrorlanganda esa biror jazo turini qo`llash lozim.

Aldash

Xalqimizda aldagani bola yaxshi, degan maqol bor. Aksar hollarda ota-ona bolaga u yoki bu narsani va`da berishadi-yu, ammo amalga oshirish vaqti kelganda «unutib» yuborishni afzal ko`rishadi.

Muammo qaerda?

Bu va`dalar kattalar uchun arzimagan narsa bo`lib ko`rinsa-da, ularni bajarmaslikni bola sotqinlik deb qabul qiladi. Va`daning yolg`onligini bilgach esa sekin-asta eng yaqin insonlariga bo`lgan ishonchini yo`qotib boradi. Bolaning o`zida ham «va`da berib, uni bajarmachlik mumkin» degan his rivojlanadi.

Qanday qilish kerak?

  • Bolaga yolg`on gapirmang. Unga tushunarli tarzda tushuntirishga harakat qiling.
  • Unga va`da berdingizmi, ustidan chiqing.
  • Ba`zi hollarda bolani aldab emas, ertaklar yordamida holatni tushuntirishga harakat qiling.

Shirin AKBAROVA tayyorladi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Buxoroda onadan 3 nafar farzandi uchun aliment puli undirildi

12.12.2019, 16:14

Aksariyat hollarda farzandlar ta`minoti uchun otalardan aliment undiriladi. Shundan farqli o`laroq bu ijro ishida aliment onadan undirildi.F.Ya. Buxoro shahrida tug`ilgan I.J. bilan turmush qurib, 3...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...