1

AJRAShUVDA BOLALARNI QANDAY ASRASh MUMKIN?

SUG'DIYONA 21.09.2017, 19:08
Teglar: Oila
AJRAShUVDA BOLALARNI QANDAY ASRASh MUMKIN?

Bolalar ko`p narsaga tushunishmasdi. Negadir onasi nuqul yig`lagan, otasi hovlida sigaret tutatgan, ba`zida buvi-buvalarining ham ovozlari balandlashib qolyapti. O`sha kuni yomon bo`ldi: tasir-tusur, baqir-chaqir... Sanobar ikki ukasi bilan ichkari uyda uxlayotgandi. Shovqindan qo`rqib uyg`ondi, ota-onasining yotog`iga chiqdi. Onasi otasining tepkilari zarbidan dodlab yig`layotgandi. Sanobar o`zini onasining ustiga otdi. Shundan keyin ular ko`ch-ko`ronlarini olib, tog`asining uyiga ko`chib ketishdi. O`shanda Sanobar etti, ukasi Bobur uch yoshda, Bekzod esa 14 oylik edi...

Ikki juftlik bir tom ostida yashashning hech ilojisini qilolmaganidan, hatto bolalarni o`ylab ham murosaga kelolmaganidan keyin har kim o`z yo`lidan ketishga qaror qiladi. Aslida “o`z yo`lim” deb tanlagani to`g`ri bo`ladimi yoki noto`g`ri, buni vaqt ko`rsatadi. Ungacha ikki o`rtada pul emas, uy emas, tirik jonlarning baxtli onlari boy beriladi. Ota-onalarning ajrashuvi qanday sabab oqibatida yuzaga kelmasin, bolalarning butun olami ostin-ustun bo`lib ketadi. Onasining bir-ikki arazlab ketishi avvaliga bola uchun xuddi buvisinikiga mehmonga borishdek tuyulsa, ajrashuvdan so`ng o`z uyiga qaytishning iloji yo`qligini tushunganida, uning ruhiy, aqliy olami chil-chil sinadi. Ajrashish kattalarning o`zining ham dovdiratib qo`yganda bu dunyoning oq-u qorasini tushunmaydigan go`daklardan qanday irodani kutish mumkin? Bolalar yoshi ulg`aygani sari biz — kattalarning olamiga, shodlik-qayg`u va yaxshi-yomonlarga to`lib-toshgan dunyoyimizga kirib kela boshlaydilar. Ular ajrashishdek katta salbiy o`zgarishni turli yoshda turlicha qabul qilishadi. Aksariyat vaziyatlarda bolalar onasi bilan qoladi, shuning uchun ham maslahatlarimiz va fikrlarimiz aynan onalarga qaratilgan.

Tug`ilgan vaqtidan 18 oygacha…

Bu yoshdagi bolalar ota-onasining kayfiyatini yaxshigina his etadi. Muammo nimadaligini bilmasligi aniq, biroq janjallar surunkali tus olsa, go`dak asabiy, injiq va xuddi ota-onasidek janjalkash bo`lib qoladi, xarxashago`y tabiat shakllanadi. Kayfiyati tez-tez buziladi, chunki asabiy ona bolasini emizganida, ovqatlantirganida o`z dardlarini aytib, yo ichiga yutib, farzandining ko`z oldida «hech narsani bilmaydi-ku», deb ko`z yoshini to`kadi. Go`dak ko`z yosh nimaligini bilmasa ham, bu o`zgacha holat ekanligini sezadi. Begona odamlardan o`zini tortadi, ular oldida jiddiy bo`lib oladi. Boshqa bolalarga nisbatan rivojlanish sust kechish ehtimoli ham bor.

Salbiy asoratlarni oldini olish uchun: Go`dak yaqinlari, ayniqsa, onasi bilan barqaror holatda ko`proq birga bo`lishi kerak. Ajrashishdan so`ng ona avval qanday rejimda bolasi bilan o`ynagan, ovqatlantirgan va uxlatgan bo`lsa, xuddi o`sha tartibni saqlab qolishi shart. Go`dakni o`zi yoqtirgan o`yinchoqlari bilan ta`minlash, ko`proq qo`lda ko`tarib yurish, u bilan faqat yaxshi kayfiyatda gaplashish kerak. Ajrashuvdan keyin yashash joyi va sharoit ham o`zgaradi, toki bola bu sharoitga ko`nikkunicha unga muloyimroq va bosiqroq munosabatda bo`lish darkor. Bola bilan muloqot qilish kerak bo`ladigan vaqtgacha uning onasi asablarini joyiga qo`ygan, yaxshilab hordiq chiqarib, tiniqqan bo`lishi shart.

18 oydan 3 yoshgacha…

Bu yoshda ota-ona bilan bola o`rtasidagi ruhiy-hissiy bog`liqlik ancha kuchaygan bo`ladi. Bola uchun butun olam, asosan, dadasi va oyisidan iborat bo`ladi. Ajrashish nimaligini tushunmagan bolalar yaqinlaridan birining yonida yo`qligini yaxshi sezadi. Bolalar ko`pincha “ota-onam men tufayli ajrashdi, urishishdi” degan fikrga borishadi. Ular e`tiborni ko`proq o`ziga qaratishni xohlashadi, arzimas narsaga yig`laydigan bo`lib qoladi va injiqlanadi. Ular ham o`ziga yarasha stressni boshidan kechirgani uchun asabiy beqarorlik oqibatida barmog`ini so`rish kabi odatlar paydo bo`lishi mumkin. Yolg`izlikdan qo`rqish, uyqusizlik kuzatilish ehtimoli bor.

Salbiy asoratlarning oldini olish uchun: Ajrashgan ota-ona farzandlar masalasida barqaror bo`lish uchun yakdil echimga kelishi shart. Bolaning kun tartibi ikki tomondan ham o`rganilib, har ikki taraf ham unga o`z e`tibori va g`amxo`rligini ko`rsatishi lozim. Agar bunga ota tomonidan rozilik bo`lmasa, ona hamma vazifani o`z zimmasiga olishiga to`g`ri keladi. Kitob o`qib bering, tushunmaydi, deb hisoblasangiz ham u bilan gaplashing, yaqin qarindoshlaringiznikiga, saylgohlarga tez-tez olib boring, qarindoshlaringizdan kimni yoqtirsa o`sha bilan ko`proq bo`lishini ta`minlang.

3 yoshdan 6 yoshgacha…

Maktab yoshigacha bo`lgan bolalar ko`p narsani tushunishadi. Ular ota-onasi yaxshigina suhbatlashib o`tirishgan vaqtini eslaydi, nizolar paytida titrab, o`zining qaysi bir so`ramay qilgan ishi uchun shunday bo`layotganini taxmin qila boshlaydi. U holatni o`zgartira olmasligini biladi, bu janjal oqibati nima bo`lishini bilmaydi. Mana shu erda unda o`ziga ishonmaslik, qo`rqoqlik va tashvishlanaverish hissiyoti shakllanadi. Yolg`izlik, qorong`ilik, shovqin-surondan qo`rqish, uyqusizlik kuzatilishi mumkin.

Salbiy oqibatlarni oldini olish uchun: Eng yaxshi variant: bolalarga otasini yomonlamaslik, otasi bilan ko`rishishga ruxsat berish, alam va iztirobning badalini bolalardan olmaslik. Qani endi kattalar ajrashish paytida aqlliroq bo`lsalar-u «do`stona ajrashish»ni uddalay olsalar. Ya`ni janjallar, ur-to`polonlarsiz, ayblovlarsiz bir-birlari bilan xayrlashsalar, bolalarning ruhiy olami kamroq darz ketgan bo`lardi. Bu yoshda bola ota-onasi o`z ichki kechinmalarini berkitgan taqdirda ham yaxshi tushunib turadi, o`sha iztiroblarni u ham yoshiga mos tarzda boshidan o`tkazadi. Bolaga o`zining hissiyotlarini o`rtoqlashish uchun kimdir, suhbatdosh kerak. Bu uning ishongan buvasi yoki buvisi bo`lishi mumkin. Ajrashish masalasida har ikki tomonga ham ob`ektiv baho bera olish, zinhor ota tomon dunyodagi eng yomon inson bo`lsa ham uni loyga qorishtirmasligi kerak. Bola otasi bilan ko`risha olish imkoni bor-yo`qligini aniq bilishi shart. Buning uchun ma`lum kunlar belgilanishi bolaning hafta yoki oy davomida o`zining baxtli damlarni kutib yashayotgandek kayfiyatda yurishiga sabab bo`lishi mumkin.

6 yoshdan 11 yoshgacha

Bolalar ajrashish oqibatida yolg`iz qolishdan qo`rqadilar. Ular endi hech qachon boshqalar aytayotgan “yomon” otasini ko`ra olmayman, deb qo`rqadi. Bu bolalar ota-onasi yana topishib ketishiga ishonadi, bu aloqani o`zim tiklay olaman deb ham o`ylashi mumkin. Yoki bo`lmasa, “otam yomon, onam yaxshi”, yoki aksincha xulosaga kelishi mumkin. Maktab o`quvchilari onasi yoki otasini xudbinlikda ayblashi, ya`ni ataylab uni shu holga tushirishgan deb hisoblashi mumkin. O`zining yomon xulqi, yomon baholari yoki odamlardan qochish va gapga kirmaslik kabi ko`rinishlarda onasi yoki otasini jazolashi mumkin. Oqibatda bolada oshqozon yoki bosh og`rig`i ko`proq kuzatilish ehtimoli bor.

Salbiy asoratlarning oldini olish uchun: Bola tashlab ketilgandek hisoblamaslik uchun uning kayfiyati, o`qishi va hordiq chiqarishiga nihoyatda e`tiborli bo`lish lozim. Ota-onaning har biri farzandi bilan yakka va birgalikda suhbatlashib, ajrashish ikkovining ham birgalikda chiqargan qarori ekanligini aytishi kerak. “Onangning o`zi men bilan ajrashdi”, “Otang bizni haydab yubordi, senlarni tashlab boshqasini topib oldi” deb bolangizni erga urmasdan, “Otang ham, men ham seni yaxshi ko`ramiz, sen bizning ishonganimizsan, katta bo`lsang ikkalamizni ham baxtli qilasan” kabi undovlar bilan uni ruhlantirish, qahramon farzand bo`lishga chorlashingiz mumkin. Bolangiz otasi bilan qo`ng`iroqlashib, uchrashib, undan sovg`a-salom olib turishiga qarshilik qilmang. Shundoq ham ikki o`t orasida qolgan bolaning dilini vayron etmang.

Avvalambor, hech kim oilasi bilan ajrashmasin. Agar ajrashsa, farzandlarining yarim baxtini asrab qolishga harakat qilsin!

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
«IChKILIK BO`LMASA EDI...»

23.12.2017, 17:11

Sayyora, 30 yosh, Jizzax viloyati: — Turmushga chiqqanimga o`n yil bo`libdi. Ikki farzandim bor. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Shu yillar ichida tinch, osoyishta, xotirjam yashaganimni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1