1

AQSh KONGRESSI VAKILLAR PALATASI A`ZOSI TRENT KELLI BOShChILIGIDAGI DELEGASIYa A`ZOLARI BILAN UChRAShUV BO`LIB O`TDI

Siyosat 23.11.2017, 10:03
AQSh KONGRESSI VAKILLAR PALATASI A`ZOSI TRENT KELLI BOShChILIGIDAGI DELEGASIYa A`ZOLARI BILAN UChRAShUV BO`LIB O`TDI

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 22 noyabr kuni Amerika Qo`shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi a`zosi Trent Kelli boshchiligidagi delegasiya a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o`rinbosari S.Safoev bilan suhbat chog`ida O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasida o`zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Ikki davlat rahbarlarining muloqotlari, shu yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda o`tkazilgan O`zbekiston – AQSh biznes-forumi mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojiga yangi sur`at bag`ishlagani ta`kidlandi.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar 2002 yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to`g`risidagi deklarasiya asosida taraqqiy etmoqda. Parlamentlar hamda hukumatlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflar faollashgani siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi a`zolari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat boshqaruvini isloh qilishda muhim asos bo`layotganini alohida ta`kidladi. O`zbekistonning tinchlikparvar siyosati, qo`shni davlatlar bilan do`stona aloqalari va mintaqada barqarorlikni mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlarini yuqori baholadi.

– O`zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ustuvorligini ta`minlash, aholi farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar e`tiborga molik, – dedi T.Kelli. – Parlamentlar o`rtasida ikki tomonlama tashriflar faollashgani bu boradagi o`zgarishlar haqida fikrlashish, qonun ijodkorligi bo`yicha o`zaro tajriba almashish uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o`rtasidagi aloqalarni, xususan, ta`lim, madaniyat, tibbiyot, qishloq xo`jaligi yo`nalishlarida samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash xususida fikr almashildi.

Amerika Qo`shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi delegasiyasi O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuv o`tkazdi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1