1

Denis Deli: “G`arb dunyosi Alisher Navoiydek shoirlarga muhtoj”

Moziydan sado 09.02.2018, 09:29
Denis Deli: “G`arb dunyosi Alisher Navoiydek shoirlarga muhtoj”

Denis Deli - amerikalik adabiyotshunos olim, shoir va yozuvchi. U o`zbek adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodiga qiziqadi. Navoiy g`azaliyotining go`zalligini, jozibasini, falsafasini tushunishga, his qilishga intiladi.

Deli Alisher Navoiyning 21 g`azalini ingliz tiliga tarjima qilib, “Twenty-one ghazals by Alisher Navoiy” nomi ostida kitobat qilgan.

Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi arafasida O`zA muxbiri Gulnoza Odilova Denis Deli bilan suhbatlashdi.

– Janob Deli, O`zbekistonda hech bo`lganmisiz?

– Ha, O`zbekiston bo`ylab sayohat qilish baxtiga musharraf bo`lganman. To`g`ri, oradan ko`p yil o`tdi. 2001 yilda qizim bilan mamlakatingizning go`zal shaharlari, qishloqlarini aylanib chiqqanmiz. Qizim o`sha paytda Tinchlik Korpusining ko`ngillisi sifatida Xorazmda o`zbek bolalariga ingliz tilini o`rgatar edi. Biz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukus va Mo`ynoqqa sayohat qilganmiz.

– Alisher Navoiy g`azallarini ingliz tiliga tarjima qilib, kitob holida chop ettirganingizni eshitib xursand bo`ldik. Navoiy – o`zbek adabiyotining eng buyuk namoyondasi. Kimdir sizga aynan shu shoir ijodini o`rganishni tavsiya qildimi yoki bu o`zingizning tanlovingizmi?

– Men Navoiy ijodi bilan avvaldan yaxshi tanishman. Navoiy hayoti va ijodi, Temuriylar tarixi haqida ko`p o`qiganman. Qizim Alisher Navoiy ijodiga mansub ba`zi g`azallarning ingliz tiliga nasriy tarjimalarini topdi. Bu tarjimalarning saviyasini yaxshi deb bo`lmasdi. Lekin shu holida ham Navoiyning buyukligini his qilish mumkin edi. Qizimning o`zbek, rus tillarini yaxshi bilishi menga Navoiyning ba`zi g`azallarining ingliz tilidagi badiiy matnini yaratishga yordam berdi.

Men shoir sifatida tarjimaning she`riy chiqishiga e`tibor qaratdim, kerak joyda ingliz she`riyati texnikasidan foydalandim. Tarjimam boshqa tarjimalarga nisbatan mukammalroq chiqqan, deb da`vo qilmayman. Chunki kam sonli tarjimon yoki olimlarda shoirona mahorat bo`ladi. Tarjimalarima`lo darajada bo`lmasa-da, asosiy maqsadim shoir ijodini imkon boricha tezroq amerikaliklarga etkazish edi. Men aniq ishonamanki, hali asliyatga yaqin tarjimalarim oldinda.

– Nima deb o`ylaysiz, G`arb dunyosi Navoiyni o`qishi kerakmi?

– Shubhasiz, ha! G`arb dunyosi dunyoviy va ilohiy ishq iztiroblarini, sufiylik ta`limotini o`z she`riyatida aks ettira olgan, insonni qalban tozarishga undovchi Alisher Navoiydek shoirlar ijodini o`qishga muhtoj. Alisher Navoiyning asarlari Markaziy Osiyo va AQSh, shuningdek, ingliz tilida so`zlovchi boshqa xalqlar o`rtasida madaniy rishta bo`lib xizmat qilishi shubhasiz.

– Amerikalik o`quvchilar “Twenty-one ghazals by Alisher Navoiy” kitobini qanday qabul qilishdi?

– Kitob AQShning deyarli barcha shtatlariga kirib bordi. Amerikaliklar uchun bu katta yangilik edi. Kitob hamma joyda nihoyatda iliq qarshi olindi.

– Tarjima jarayonida siz uchun qiyinchilik tug`dirgan holatlar bo`ldimi?

– Bugun Navoiyni hatto o`zbek kitobxoni ham qiyinchilik bilan tushunishini bilaman. Gap faqat tilda emas, balki Navoiy ijodining juda murakkab falsafasida. Navoiy g`azallarida nafis ishqiy tuyg`ular ostida ilohiy ishqqa ishora mavjud. Ikki holatni ham tarjimada etkazib berish nihoyatda mushkul.

– Kelajakda o`zbek navoiyshunoslari bilan hamkorlik qilib, Navoiy ijodini ingliz tiliga tarjima qilish loyihalarida ishtirok etishni xohlaysizmi?

Albatta! O`zbek olimlari bilan hamkorlik qilishdan mamnun bo`lardim.

– Alisher Navoiyning tavallud kuni o`zbek xalqi uchun katta bayram hisoblanadi. O`zbekistonliklarga tilaklaringiz?

– O`zbekiston xalqi juda ham baxtli. Sababi, madaniy merosingiz, to`g`ri ma`noda, G`arbning hasadini uyg`otadi. Alisher Navoiy ijodi ana shu merosning, adabiy an`analarning katta bir qismini tashkil qiladi. Ko`hna Samarqand, Buxoro, Xivaga o`xshagan shaharlar juda kam sonli davlatlardagina bor. Men o`zbek xalqiga dunyoni hayratga solgan Temuriylar renessansidan-da yuksakroq taraqqiyot tilayman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1