1

O`zbekistonda sun`iy nafas oldirish apparatlari ishlab chiqariladi

Hi-tech 05.04.2020, 17:16
Teglar: nafas, o`pka, ventilyasiya
O`zbekistonda sun`iy nafas oldirish apparatlari ishlab chiqariladi

O`zbekistonda o`pkaning sun`iy ventilyasiyasi apparatlari ishlab chiqariladi. Bu Innovasion rivojlanish vazirligi xabar qilmoqda.

Innovasion rivojlanish vazirligining Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda transfer qilish boshqarmasi boshlig`i Jamoliddin Boboxonovning aytishicha, IVL qurilmalarini ishlab chiqarish joriy yilning may oyida boshlanadi. Toshkentning Bektemir tumanida ishlab chiqarish uchastkasi qurilishini yakunlash esa joriy yilning sentyabr oyiga qadar rejalashtirilmoqda va zavod ishga tushiriladi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning birinchi bosqichida 3 million dollar miqdorida investisiya kiritish va 30 ish o`rni yaratish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichida esa 6 million dollargacha investisiyalar va 100 tagacha ish o`rinlari ochilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, koronavirus tufayli mamlakatdagi mavjud vaziyat va bemorlar uchun IVL va shaxsiy himoya vositalari uchun sarflanadigan ehtiyojni hisobga olgan holda mazkur loyiha doirasida O`zbekistonga 1000 dona nafas olish konturlari, 500 dona namlik kollektor bilan nafas olish konturlari va 1000 dona bir martali bakterial-virusli filtrlarni beg`araz foydalanish uchun topshiriladi.

Hozirda shu ishlarni amalga oshirish maqsadida “CHIRANA ASIA” Slovakiya-Rossiya-O`zbekiston qo`shma korxonasi tashkil etilgan bo`lib, kompaniya “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” (“Made in Uzbekistan”) yorlig`i ostida mamlakatda yagona yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaradi. Bunday ishlab chiqarish O`rta Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi, bu esa tibbiyot sanoatida import o`rnini bosish jarayonini jadallashtiradi.

Bundan tashqari, ta`mirlash uchun ehtiyot qismlar va xizmat ko`rsatish markazi yaratilib, IVL (o`pkaning sun`iy ventilyasiyasi apparati) va NDA (narkoz-nafas olish apparati) qurilmalari uchun noyob, mobil va zamonaviy servis xizmati tashkil etiladi. Anesteziologiya sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilingan holda IVL va NDA qurilmalaridan foydalanish bo`yicha seminarlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shuningdek, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg`iziston va Afg`onistonda sotish rejalashtirilmoqda.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1