1

Buxoroda ishsiz yoshlarga motokultivator sovg`a qilindi

Hi-tech 22.04.2020, 19:03
Buxoroda ishsiz yoshlarga motokultivator sovg`a qilindi

Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda Aholi bandligiga ko`maklashish markazi hamkorligida Romitan, Peshko` va Buxoro tumanidagi 10 nafar ishsiz yoshlarga qishloq xo`jalik mini texnikalari (motokultivator) olib berildi. Bu haqda jurnalist Akbar Rustamov xabar qildi.

“Tomarqachiga ko`makchi” aksiyasidan ko`zlagan maqsad viloyatdagi kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini tomorqachilik tarmog`iga ishga jalb qilishdan iborat. Ushbu yoshlar endi ishchi guruhi tomonidan aniqlangan qarovsiz tomorqa erlarini tartibga keltirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor oilarga tomorqachilik ishlarida yordam berish, shuningdek, ekin ekilmay faqat beda ekilgan erlarning yarmini buzib, ekin ekishga tayyorlash bilan shug`ullanadilar. Tomorqachilik ishlariga jalb qilingan ushbu yoshlarga Aholi bandligiga ko`maklashish bo`limlari tomonidan oylik maosh ham to`lab boriladi. Ekin ekish ishlari tugagach, ushbu qishloq xo`jaligi texnikalari yoshlarning o`zlariga tekinga beriladi.

Romitan tumani “Sho`robod” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Muhammadali Nabiev shu paytgacha bir necha bor Rossiya Federasiyasiga ish izlab borgan, ammo omadi yurishmay uyga qaytishga majbur bo`lgan. Ayni paytda ham ishsiz bo`lgani bois 4-sektor rahbari Muhammadali Nabievning oilaviy ahvolini o`rganib, uni “Tomarqachiga ko`makchi” aksiyasi doirasida ishga taklif qildi.

Ishga jalb qilingan ushbu yoshlarning yoniga ish izlab yurgan yana bir nafardan tajribali fuqarolar jalb qilinib, ularning ham ish bilan bandligi ta`minlandi. Buning natijasida ular otryad usulida bugunning o`zida 50 sotixdan ortiq aholi tomorqalarini haydashni boshlab yuborishdi.

Shu o`rinda qishloq joylarida motokultivatori bor fuqarolar aholi tomarqasining har bir sotig`ini 15 ming so`mdan haydab berayotganini inobatga olsak, ushbu yoshlar kuniga 10 sotix er haydasa 150 ming so`m, oyiga 4 yarim million so`m topadi deganidir. Bundan tashqari, ularga Aholi bandligiga ko`maklashish bo`limlari tomonidan 750 ming so`mdan oylik maoshlari ham beriladi.

Ma`lumot uchun: viloyat davlat soliq boshqarmasi Aholi bandligiga ko`maklashish markazi hamkorligida “Tomarqachiga ko`makchi” aksiyasi doirasida hududdagi jami 100 nafar yosh jamoatchilik asosida ishga jalb qilinadi.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1