Prezident pandemiyaning to`qimachilik sanoatiga ta`sirini yumshatish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

Siyosat 23.04.2020, 20:57
Prezident pandemiyaning to`qimachilik sanoatiga ta`sirini yumshatish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

Bugun, 23 aprel kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoev to`qimachilik sanoati barqarorligini ta`minlash, pandemiyaning sohaga ta`sirini yumshatish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, yig`ilishda pandemiya davrida tarmoqni barqaror ishlatish uchun korxonalarni aylanma mablag` bilan ta`minlash masalasi ko`rib chiqildi.

Joriy yil 1 aprelga qadar sotilgan paxta tolasining yakuniy to`lov muddatini 90 kundan 150 kunga uzaytirishga ko`rsatma berildi.

Kelgusi 5 yilda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 baravarga ko`paytirish, tannarxni raqobatchilarga nisbatan arzonlashtirib, tashqi bozorlarni egallash bo`yicha topshiriqlar berildi. 

Ma`lum qilinishicha, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tayyor mahsulot eksport qiluvchi yangi korxonalar uchun texnopark tashkil etiladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi tomonidan kredit liniyasi doirasida 300 million dollar mablag` ajratiladi.

Yig`ilishda, shuningdek, xomashyo etishtirish va ishlab chiqarish zanjirida tannarxni kamaytirish masalasiga ham to`xtalib o`tildi.

Mamlakatimizda yillar davomida paxta tolasining o`zi eksport qilingani uchun uning narxi Liverpul kotirovkasiga bog`langan edi. Aslida paxta tolasi Nyu-York birjasida sotiladi va uning narxi Liverpulnikidan 10 foizga arzon yuradi. Bu to`qimachilik mahsulotlari qiymati oshishiga ta`sir qilayotgani qayd etilib, mutasaddilarga paxta tolasi narxini xalqaro birja kotirovkasiga o`tkazish yuzasidan topshiriq berildi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston to`qimachilik sanoatida 2 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ularda 365 ming nafar aholi ishlaydi. Sohaning eksport salohiyati so`nggi 3 yilda 2 baravar oshdi. O`tgan yili bu boradagi ko`rsatkich 1,6 milliard dollarni tashkil etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1