1

Pandemiya davrida "Tez tibbiy yordam" xizmatiga bir yarim millionta murojaat bo`lgan (foto)

Salomatlik 30.04.2020, 20:43
Teglar: pandemiya, tibbiy yordam
Pandemiya davrida "Tez tibbiy yordam" xizmatiga bir yarim millionta murojaat bo`lgan (foto)

Mamlakatimizda aholiga tez tibbiy yordam ko`rsatish tizimi yildan-yilga takomillashmoqda. Keyingi yillar mobaynida sohani rivojlantirish bo`yicha Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Moddiy baza mustahkamlandi. Amalga oshirilgan ana shu o`zgarishlar pandemiya davrida, ayniqsa, o`z samarasini bermoqda, deya ta`kidlamoqda Sog`liqni saqlash vazirligi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

E`tiborli jihati, pandemiya davrida, ya`ni joriy yil 15 martdan bugungi kunga qadar aholi tomonidan qariyb 1 yarim million marta murojaatlar bo`ldi. Bu mamlakatimiz bo`yicha kuniga o`rtacha 30 mingdan ziyod chaqiriqlar tushganini ko`rsatadi. Hozirda yurtimiz bo`ylab kuniga 2 yarim mingta brigada tunu kun samarali faoliyat olib bormoqda.

Ushbu brigadalar pandemiya davrida koronavirus infeksiyasiga gumonlangan insonlarni karantinga joylashtirish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni maxsus shifoxonalarga etkazishda kecha-yu kunduz faoliyat yuritishmoqda. Bundan tashqari, aholi tomonidan yo`llangan chaqiriq manzillariga o`z vaqtida etib borish, zarur tez tibbiy yordam ko`rsatish, og`ir bemorlarni shifoxonalarga etkazish borasida ham samarali ish olib borishmoqda.

SSV Matbuot xizmati fotolari

Shu bois, davlatimiz rahbari kecha o`tkazgan videoselektor yig`ilishida ham pandemiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida chinakam qahramonlik ko`rsatayotgan barcha shifokorlarimizga, shu jumladan, tez yordam xizmati xodimlari va haydovchilariga alohida minnatdorchilik bildirdilar.

Ayni paytda avtomobillar parkining kengayishi, tez yordam brigadalari dislokasiyasi qayta ko`rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirilishi tufayli chaqiriqlarga kechikib borish kabi qator muammolar ham bartaraf etildi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

Oxirgi uch yil ichida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablag` ham bir necha barobar oshdi. Jumladan, bitta chaqiriqqa tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida ishlatiladigan dori vositalari uchun sarflangan mablag`ning narxi 2016 yilda 800 so`m mablag` ajratilgan bo`lsa, hozirda ushbu ko`rsatkich 5800 so`mni tashkil qilmoqda.

O`tgan yil so`nggida poytaxtimizga xorijdan 150 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar olib kelinib, foydalanishga topshirilganini ham alohida qayd etish lozim. Barcha qulayliklarga ega ushbu mashinalar tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilishi, moddiy–texnik bazani mustahkamlanayotganligi bu mamlakatimizda ushbu soha mutlaqo yangi innovasion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga to`liq javob beruvchi tizimga o`tganidan dalolatdir, deyiladi SSV xabarida.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1