1

Prezident Ikkinchi jahon urushida qatnashgan o`zbekistonliklar haqida yangi ma`lumotlarni oshkor qildi

Siyosat 09.05.2020, 18:02
Prezident Ikkinchi jahon urushida qatnashgan o`zbekistonliklar haqida yangi ma`lumotlarni oshkor qildi

Xabar berilganidek, bugun O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G`alabaning 75 yilligiga bag`ishlangan bayram tantanasida ishtirok eshtirok etdi. Barcha faxriylarni va xalqimizni bayram bilan tabrikladi. 

Tantanali marosimda davlat rahbari nutq so`zladi va Ikkinchi jahon urushi yillarida o`zbekistonliklarning ishtiroki haqidagi yangi ma`lumotlarni aytdi.

"Bugun G`alaba bayramining 75 yilligini nishonlar ekanmiz, xalqimizning urush yillarida ko`rsatgan qahramonligi haqida takror va takror o`ylashimiz albatta tabiiydir.

Men avvalgi chiqishlarimda el-yurtimizning buyuk G`alabaga qo`shgan hissasi hali to`liq o`rganilmagani haqida gapirib, jamoatchiligimiz e`tiborini shu masalaga qaratgan edim. Bugun mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, keyingi yillarda ushbu yo`nalishda juda katta ishlarni amalga oshirdik.

Avvalo, ilgari yopiq bo`lgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma`lum bo`lmagan materiallarni o`rganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi.

Ana shunday ilmiy izlanishlar natijasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida, qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi ma`lumotlarga ega bo`ldik. Hozirgi vaqtda ular ommaviy axborot vositalarida, kitob va albomlarda keng yoritilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o`rganishda tom ma`noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o`zbekistonlikdan bittasi qo`liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e`tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo`lmaydi.

Shuningdek, o`sha davrda “quloq” sifatida boshqa o`lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani ma`lum bo`ldi.

Shu borada yana ba`zi raqamlarni keltirmoqchiman: ilgari 396 ming nafar O`zbekiston fuqarosi urushda halok bo`lgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo`lgan.

Bundan tashqari, frontda bedarak yo`qolganlar haqidagi ma`lumotlar ham to`liq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan ko`proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.

Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday og`ir yo`qotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!", dedi Prezident.

Davlat rahbari, shuningdek,  urush o`chog`iga aylangan o`lkalardan O`zbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuasiya qilingani to`g`risidagi yangi ma`lumotlarni ham oshkor qildi. 

Ota-bobolarimiz jasoratini chuqur o`rganish va kelgusi avlodlarga etkazish maqsadida yangi tarixiy ma`lumotlar asosida har yili 9 may bayrami arafasida alohida kitob tayyorlab, nashr etish taklifini berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1