«Yagona umumrespublika prosessing markazi» MChJning (Uzcard brendi) ta`sischilari tarkibida o`zgarish bo`ldi. "Gazeta.uz"ning yozishicha, bu bo`yicha ma`lumot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tadbirkorlik subektlari haqidagi ma`lumotlar bo`limida berilgan.
Portalda Uzcard ning ustav fondidagi 75 foiz ulush Tursunov Oybek Botirovichga tegishli ekanligi ko`rsatilgan. Oldinroq 75 foiz ulush, Uzcard direktori Maxmudov Axror Abrorovichga tegishli edi. Qolgan 25 foiz esa MChJning o`ziga tegishli.
2020 yil 14 may holatiga ko`ra ta`sischilar tarkibi.
Ushbu o`zgarish bo`yicha Uzcard direktori Axror Maxmudovdan izoh ola olishmadi.
«Mas`uliyati cheklangan va qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risidagi» qonunga ko`ra, jamiyat ishtirokchilari boshqa ishtirokchi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli sotib olish bo`yicha o`z huquqlaridan foydalanmagan taqdirda, jamiyat ushbu ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish bo`yicha imtiyozli huquqqa ega bo`ladi.
2020 yil 13 may holatiga ko`ra ta`sischilar tarkibi. Foto: bankers_uz / Telegram.
Ma`lumot uchun: O`tgan yilning avgust oyida 95 foiz aksiyalar Oybek Tursunovga tegishli bo`lgan Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank»ning 36 foiz aksiyasini sotib olgan edi.
Oybek Tursunov Botirovich Prezident Shavkat Mirziyoevning to`ng`ich kuyovi bo`ladi.