1

Baliqchida ishidan ayrilgan bog`cha mudirasi o`z joniga qasd qildi (Video)

Jamiyat 15.05.2020, 14:41
Teglar: Video
Baliqchida ishidan ayrilgan bog`cha mudirasi o`z joniga qasd qildi (Video)

4 may kuni Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 11-maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi  Gulchehraxon Xo`jaqulova yashash xonadonida o`zini osgan. Oila a`zolari uni qutqarib qolishga ulgurishgan va u ayni paytda kasalxonada hushsiz holda qolmoqda. Kun.uz muxbirlari hodisa sabablari bilan qiziqib, uning hamkasblari, oila a`zolari, shifokor, tuman maktabgacha ta`lim bo`limi mudirasi hamda tuman prokuraturasi vakilidan izoh oldi.

Hamkasblari nima deydi?

Gulchehraxon Xo`jaqulova 30 yildan beri ishlab kelayotgan 11-MTM tumanning Xo`jaobod qishlog`ida joylashgan. Muassasa xodimalaridan biri o`z rahbari qurilish ishlari tufayli sog`ligini yo`qotgani haqida gapirdi.

«Bog`chamiz binosi 2019 yili rekonstruksiyaga tushib, aprel oyidan qurilish ishlari boshlangan edi. Orada ozgina uzilish bo`ldi va yana davom etdi. Mening fikrimcha, mudiramiz shu qurilish tufayli sog`ligini yo`qotdi.

Noyabr oyida bog`chamizda qurilish ishlari tugab, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Lekin qilingan ishlar mudiramizning ko`nglidagidek bo`lmadi. Unga binoning tashqi ko`rinishi va ichidagi kamchiliklar yoqmadi. Ayniqsa, o`yin maydoni va basseynning chiqib-tushish zinapoyasi qilinmagan edi. Ikkinchi qavatda kanalizasiya tizimi ishlamadi. Xonalardagi pollar talabga javob bermas edi. Opa noyabr oyigacha juda yaxshi yurgan edi. O`shandan keyin sog`ligini yo`qota boshladi.

Menga shu qurilish ishlari bo`yicha gap eshitayotganini aytib, yig`lagan ham edi. O`zi bog`chamiz 1973 yilda qurilgan. Eskirib ketgandi», deydi MTM hamshirasi Nazira G`afforova.

Ma`lum bo`lishicha, G.Xo`jaqulova qurilish ishlaridagi kamchiliklar tufayli quruvchilar boshlig`i bilan tortishgan ekan.

«26 noyabr kuni hushidan ketib qolibdi, deb eshitdik. Keyingi kuni ishga chiqmadi. Yanvar oyida bog`chamizning ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Lekin kamchiliklar bor edi. Mudiramiz «kamchiliklarni to`g`rilab berasizlar, keyin imzo chekaman», degan edi. Kasal bo`lgan kunlarida imzo chektirishdi.

 Eng asosiy kamchiliklardan biri bu ishlatish uchun suv ta`minoti chatoq. Tasavvur qiling, bog`chaning suv tizimi qishloqnikiga ulangan. Ertalab bir soat suv beriladi. O`sha paytda biz idishlarni, «baklajka»larni suvga to`ldirib olamiz. Lekin suv bizga kun davomida kerak-ku? Bolalar plastilin bilan ishlaydi, ko`chada o`ynaydi. Chiroyli sanuzellar qilingani bilan suv bo`lmasa nima foydasi bor?

 Xonalarni isitish uchun qilingan «Issiq pol» nobop kabellardan montaj qilingan ekan. Simlari erib ketyapti. Isitish tarmog`iga suv aylantirganda, hamma xonalarga suv toshib ketgan. Pol yog`ochlarimiz ko`tarilib ketdi. Devorlarga chiqqani uchun nurab ketyapti. Yuqori qavatdagi kanalizasiyani ishlatsak, suv oqib ketadi. Opa kamchiliklarni to`g`rilataman deb harakat qildi», deydi o`rta guruh tarbiyachisi Zamiraxon Qobilova.

 Tuman maktabgacha ta`lim bo`limi mudirasi Sayyora Xonkeldieva mudira ishdan ketishini aytgan.

 «Quruvchilar, mudira o`z joniga suiqasd qilganidan keyin ikki kun ichida basseynni va binoning tushib ketgan joylarini to`g`rilashga urinishdi. Men mudiramizning bog`cha loyihada ko`rsatilganidek sifatda ta`mirlanmagani uchun diqqat bo`lib, og`rib qoldi deb o`yladim. Haqiqatan ham oriyatli ayol edi. Birga yaxshi ishlardik. Shu ishlar boshlangandan keyin bruschatkalarni o`rnatishni ham yakuniga etkazishdi. Simlarni ulab berishdi, lekin yana uchqun chiqib, yonib ketdi. Shpaklyovka qilishdi, lekin oxiriga etkazishgani yo`q.

 O`tgan yili 27 noyabr kuni tuman maktabgacha ta`lim bo`limi mudirasi Sayyora Xonkeldieva kelib ota-onalarga yig`ilish o`tkazdi. Bog`cha mudirasi ishtirokisiz o`tkazilgan yig`ilishda Sayyora Xonkeldieva «Gulchehraxon Xo`jaqulovani mudira bo`lib ishlash-ishlamasligini men hal qilaman», dedi. Bu gap ota-onalar va bog`cha xodimlariga yoqmadi. Sababi, bog`cha shu darajaga kelishida mudiraning o`rni katta edi. Ota-onalardan biri bog`cha mudiramiz o`z joyida qolsin, deb ham aytdi. Lekin ishga qo`yishmadi. Ochilish marosimi o`tkazildi. Bog`cha mudiramiz o`z hisobidan ta`tilga chiqdi. Ta`til vaqti tugab, ishga qaytaman deganda, MTM bo`lim boshlig`i tomonidan lavozimga qayta qo`yilmadi. O`rniga Musmiraxon Tolipovani vaqtinchalik mudira etib tayinlab ketdi», deydi yordamchi tarbiyachi Zuhraxon Mo`minova.       

Bog`cha hamshirasi mudira ishga qaytishga uringani haqida eslaydi.

«13 aprel kuni mudiramiz qizi bilan bog`chaga keldi. Sog`ligi ancha yaxshi edi. Ishga qaytishini aytdi. Bo`lim mudirasiga qaytganim haqida aytib qo`yishim kerak deb, tashqariga chiqib qo`ng`iroq qildi. O`sha payt biz telefondagi suhbatni eshitib qoldik. Mudiramiz «Men o`z ishimga qaytaman, nafaqaga chiqishimga bir yil qoldi», dedi. Ertalab yana bog`chaga keldi. Biz mudiramiz o`z joyida qolishini so`rab, Sayyora Xonkeldieva nomiga bildirishnoma yozdik. Shu vaqtda MTM bo`limidan telefon bo`ldi va uni chaqirtirishdi. Bo`limga borib, gaplashib keldi. Mudira bilan telefon orqali bog`langanimda, «ishimni kadrlar bo`limi boshlig`i Tolibjon hal qilar ekan», dedi.

 Opa qurilishni qabul qilish hujjatlariga kamchiliklar borligi uchun imzo chekmay yurgan edi. Kasal bo`lib uyda davolanayotgan paytda, noyabr oyining oxiri yo dekabr oyining boshida imzo chektirishdi. Ishini juda yaxshi ko`rgani, oilasidan ham ustun ko`rgani uchun ishdan ketgani ruhiyatiga qattiq ta`sir qildi», deydi MTM hamshirasi Nazira G`afforova.

Quruvchi tashkilot rahbari va binoni qabul qilib olgan rasmiy fikri

11-MTMda mukammal ta`mirlash ishlarini olib borgan «Milano qurilish» MChJ ijrochi rahbari Zafarjon Rasulov bilan suhbatlashdik.

«2019 yil dasturga tushgan shu bog`chada mukammal ta`mirlash ishlarini olib borganmiz. Noyabr oyi oxirida shartnoma muddati bo`yicha o`z vaqtida kamchiliklarsiz topshirdik. Buyurtmachi dastavval viloyat hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» bo`lgan edi. Keyinchalik viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasining qurilish bo`limi tashkil bo`lgani uchun ishlar shularning nazoratida yakunlandi.

 Bog`cha mudirasi bilan hech qanday tortishuvlar bo`lmagan. Qurilish davomida 4-5 marta ko`rishganmiz, xolos. To`g`ri, ish jarayonida kamchiliklar bo`lgan. Lekin sinov davrida hech qanday kamchilik bo`lmagan. Kamchiliklar yuzaga kelgan bo`lsa ham bartaraf etib keldik. Hozir karantin davri bo`lgani uchun barcha muassasalar yopilgan. Bu ob`ekt yangi, shamollatib turilishi kerak. Shu 2 oy nazoratdan chetda qolgan deb o`ylab, kecha kelib, kamchiliklarni yana bir bor to`g`riladik. Kafolat muddatining yarmi o`tib bo`ldi. Bizning nazoratimizda bo`lishi kerak. Jami 4 milliard 10 million so`mlik ish bajarilgan. Pulning 95 foizi tushgan. Qolgan 5 foizi kafolat muddati tugagandan so`ng beriladi. Maxsus ishchi guruh tomonidan tekshirilib, nazoratdan o`tkazilgandan so`ng 5 foiz miqdordagi pulni berishadi», deydi u.

 Binoni foydalanish uchun qabul qilishga mas`ul bo`lgan «Infratuzilmalarni rivojlantirish bo`yicha injiniring kompaniyasi» DUK Andijon filiali muhandisi Sultonbek Egamberdiev bilan ham suhbatlashdik.

«2019 yilning 28 dekabr kuni muassasa Davlat qabul komissiyasining dalolatnomasiga asosan foydalanishga topshirilgan. Bino qurilishida katta kamchiliklar yo`q edi. Qaysidir xonaning suvog`i ko`chgani yoki suv havzasidagi kamchiliklarni bir yillik kafolatli muddat davomida oxiriga etkazib berilyapti. Gulchehra Xo`jaqulova qurilish ishlari davomida juda qattiq harakat qildi. Jarayonni kuzatib bordi. Lekin bog`cha mudirasi va quruvchilar o`rtasida tortishuvli holatlar bo`lmagan», deydi u. 

«So`nggi vaqtlarda siqilib yurgan edi»

Gulchehra Xo`jamqulova xonadonida bo`lib, onasi Mamlakatxon Xo`jaqulova va opasi Anorxon Mamajonova bilan suhbatlashdik.

Onasining aytishicha, qizi so`nggi paytlarda ishida rosa ko`p muammolarga duch kelgani, tumandagi boshlig`i bilan kelisha olmay qolgan ekan. Opasi esa singlisi tuman mudiri Sayyora Xonkeldieva ko`p marta qattiq gapirgani uchun qiynalgani, uni qurilishni qabul qilish hujjatiga qo`l qo`yishga majburlashganini aytdi.

 «Singlim tuman maktabgacha ta`lim bo`limi mudirasi bilan chiqishib keta olmadi. U singlimga, bog`chaning kamchiliklari uning bo`ynida ekanini aytgan ekan. Shu gaplar ta`sir qildi. Ruhiy holati yomonligidan bittagina farzandi va ota-onam ham ko`ziga ko`rinmay qoldi. Hammamizning qaddimizni bukib qo`ydi. Necha oy kasal bo`lib yotgan bo`lsa, o`rniga kelgan mudira yoki rahbari ahvolini so`rab kelmadi. Endi o`lar holatida jon talashib yotganda ikki marta kelibdi. Rahbar shunday bo`ladimi?», deydi opasi Onarxon Mamajonova.

Gulchehra Xo`jaqulovaning qizi Ziyodaxon Mamajonova 14 aprel kuni onasi bilan tuman Maktabgacha ta`lim bo`limi mudirasi Sayyora Xonkeldievaning oldiga borganini aytdi. U onasiga ishga qaytish uchun ariza yozdirishgani va uning ishga qaytishi masalasini Andijon viloyat maktabgacha ta`lim muassasalari boshqarmasi boshlig`i Muqaddas Abdullaeva hal qilishini bildirishgan. Qizi onasi bilan 11-bog`chaga borganida onasiga vaqtincha mudira bo`lib turgan Musmira Tolipova «siz tarbiyachi bo`lib ishga qaytar ekansiz», degani, shundan so`ng onasining ruhiy holati o`zgarganini aytdi.

Ukasi Avazbek Xojiqulov esa unga Sayyora Xonkeldieva qo`ng`iroq qilgani va opasining ishga qaytishi masalasi karantin davri tugaganidan so`ng viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi tomonidan hal qilinishini aytganini bildirdi.

Shoshilinch tibbiy yordam bo`limida

Baliqchi tuman shoshilinch tibbiy yordam bo`limi shifokori ham holat bo`yicha izoh berdi.

 «Xo`jaobod qishlog`ida yashovchi 1967 yilda tug`ilgan bemor Gulchehraxon Xo`jaqulovani 4 may kuni olib kelishdi. Kelgan paytda bemorning holati og`ir edi. Tashxisi - mexanik asfiksiya. Nafas etishmovchiligining og`ir darajasi bilan reanimasiya bo`limiga joylashtirildi. Birinchi yordam ko`rsatilib, sun`iy o`pka ventilyasiya apparatiga ulandi. Ayni paytda holati og`ir. Barcha reanimasion muolajalar davom etyapti. Hushiga kelgani yo`q», deydi Chinobod shoshilinch tibbiy yordam bo`limi reanimatologi Ahrorbek Ostanaqulov.

 Tuman mudirasi nima deydi?

Baliqchi tuman Maktabgacha ta`lim bo`limiga borib, mudira Sayyoraxon Xonkeldieva bilan bog`cha mudirasi ishi bo`yicha gaplashdik.

«11-maktabgacha ta`lim tashkiloti mudirasi bilan bog`liq voqea bizni qayg`uga soldi. Ushbu bog`cha mudirasi Gulchehraxon Xo`jaqulova bir necha yildan beri shu sohada faoliyat ko`rsatgan, uni faoliyati davomida katta mas`uliyati, mehr-muhabbatini o`z ishiga baxshida qilgan, tartibli, qalbi toza inson deb bilaman.

 Lekin Gulchehra opa faoliyatim davrida men bilan ko`p ishlamadi. Men oktyabr oyida ish boshlagan bo`lsam, opa saylov uchastkasi a`zosi bo`lgan va vazifasidan vaqtincha ozod qilingan edi. Ana shu davrda ishga qaytmagan. Sog`ligi, ya`ni markaziy nerv tizimi shikastlanishi bilan bog`liq tashxislari bor. Kasallik ta`tili tugagandan so`ng, yana sog`ligi yaxshi emasligini aytib, mehnat ta`tili uchun yozma ariza bilan murojaat qilgan edi.

Unga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda ta`til berilgan va buyruqlar bilan rasmiylashtirilgan. Xo`jaqulovaning mehnat ta`tili tugagan, lekin sog`ligi bo`yicha muammolarini ko`rsatib, o`z hisobidan 11 mart kuni yana mehnat ta`tiliga chiqish uchun ariza bilan murojaat qildi.

Arizasi qanoatlantirilib, belgilangan tartibda 35 kunlik mehnat ta`tilidan so`ng o`z hisobidan ta`til berildi. Mehnat ta`tili tugagandan so`ng, mudira maktabgacha ta`lim bo`limiga qizi bilan birga tashrif buyurdi. Men o`z xonamda kadrlar bo`limi boshlig`i Nabijon va ish yurituvchi Nilufar bilan birga qabul qilganmiz. Sog`ligi holatini so`rab, opaga dalda bergandik. O`zini qo`lga olishi, birgina farzandi uchun o`zida kuch to`plashi va sog`ligini yanada ehtiyot qilishi kerakligini aytib, motivasiya berdik. Men ishga qaytish to`g`risidagi arizasini shu kunning o`zida yozib qoldirishi mumkinligini aytgandim. Gulchehra opa ariza qoldirgan. Maktabgacha ta`lim bo`limining bir necha xodimlari guvohligida ishga qaytarishimiz to`g`risida ariza bergan. Xo`jaqulovani arizasiga asosan ishga qaytardim. Buyruqlari bor.

14 aprel kuni karantin bo`lishiga qaramasdan Gulchehra opa mehnat jamoasini to`plagan va mehnat ta`tilidan qaytganini e`lon qilgan. Suratlar va dalillar bor. Ertasiga ham ma`lum bir vaqt bog`chada bo`lgan. 15 aprel kuni ham bog`chada bo`lgani haqida videotasvirlar bor. Keyin 2 kun vazifasini bajargani chiqmagan.

 Sog`ligida yaxshi holatlarni kuzatmaganim uchun Gulchehra opaning ukasi Avazbek Xo`jaqulovning telefon raqamini topdik. 18 aprel kuni ukasi bilan opaning holati bo`yicha gaplashdim. Hozir karantin davri ekanligi, bu davr o`tib ketgandan so`ng o`z faoliyatini qoniqarli davom ettirib ketishi bo`yicha suhbatlashdim. Ukasi rozi bo`lib, juda xursand bo`lgan edi. Mayli, opamni o`z ishiga tiklasangiz, degan edi. Gap-so`zlar va tushunmovchiliklar bo`lganini, go`yoki biz ishdan bo`shatganday, o`rniga vazirlikdan kimningdir buyrug`ini chiqargan kabi shov-shuvlar etib kelganini aytdim. Ayni paytda maktabgacha ta`lim tashkiloti mudirasi sifatida turgani va bu lavozimdan bo`shatish mening vakolatim emasligini aytganimdan keyin minnatdorchilik bildirdi.

 Gulchehraxon Xo`jaqulova hozirda ham 11-maktabgacha ta`lim tashkiloti mudirasi lavozimida turibdi. Mehnat daftarchasini ilova qilishim yoki maktabgacha ta`lim bo`limining hisobxonasidan istalgan hujjatni taqdim qilishim mumkin. Lekin, u erda binoning qurilishi bilan bog`liq qandaydir bo`hton, uydirma va tuhmatlar kimlardir tomonidan shakllantirilyapti. Ayni vaqtda men ham shu uydirmalarni uyushtirayotgan odamlarning belgilangan qonun talablari asosida jazoga tortilishini so`rab qolaman. Men lavozimga kelgan paytimda, bog`cha binosining qurilishi to`la yakuniy holatga kelgan edi. Sababi, davlatning juda katta mablag`i sarflanayotganini kuzatganman.

 Quruvchini chaqirib, ishlar yakunlanish arafasida bo`lsa-da, ba`zi bir kamchiliklar va nuqsonlar borligini aniqlaganmiz. Bularni bartaraf etishni quruvchidan talab qilganmiz.

 Bog`chani qabul qilish jarayonida biz to`g`ridan to`g`ri hech qanday hujjatlarsiz qabul qilmaganmiz. Kerakli tashkilotlar bilan dalolatnomalar tuzilgan. Qisman kamchiliklari bo`lgan, lekin qish fasli bo`lgani uchun bolalarni olib kirganmiz. Qabul qilib olishda Gulchehra opaga bosim o`tkazilgan deb, menga qo`yilgan aybga qat`iy isbot talab qilaman. Shunaqa ko`rsatma berayotganlar isbot va dalillari bilan ko`rsatishini so`rayman. Sababi, Gulchehra opa qurilish jarayonida bo`lmagan. U paytda kasallik va mehnat ta`tilida bo`lgan. Bosim o`tkazilishiga kelsak, aksincha, imzo chekib yubormaslik haqida ko`rsatma berganman. Bog`chaning kamchiliklari borligini aytganman. O`tgan kuni maktabgacha ta`lim vaziri o`rinbosari va boshqarma boshlig`i M.Abdullaeva bilan birgalikda kelib o`rganilganda, hamshira aytdiki, «Gulchehra opa telefonda Sayyora Xonkeldieva aytyapti, imzo chekib beramiz ekan», degan. Shuning uchun, men muhr urib berganman deyapti. Bu masalaga oydinlik kiritish uchun surishtirganimizda quruvchi aytdiki, qo`ng`iroq qilganda men mudiraning yonida bo`lganman. Kasal edi. Qurilish bo`yicha mutaxassisi mudiraga qo`ng`iroq qilib, kamchiliklarni aniqladik, dalolatnomalar tuzildi va kafolat xatlari olindi. Ba`zi bir kichik kamchiliklar bor. Agarda o`zingizga lozim topsangiz, imzo chekib berishingiz mumkin degan ekan. Chunki, men unday deya olmasdim. Bog`cha meniki. Kamchiliklarsiz unga imzo chektirish degani bu – men qandaydir quruvchidan manfaatdorman degan fikr kelib chiqyapti. Murojaatchilar bu aybni mening bo`ynimga qo`yishga harakat qilishmoqda.

 Bog`cha qurilishi bilan bog`liq muammolarga keladigan bo`lsak, men tajribalarimdan kelib chiqib, ko`zim bilan ko`rgan kamchiliklarni tepasida turib bartaraf etishga muvaffaq bo`lganman. Men maktabgacha ta`lim bo`limi rahbari sifatida binodan chiqqan kamchiliklarni hech qachon oqlamayman. Xursand bo`lyapman. Qaysidir ma`noda bu ham yaxshilikkadir. Ko`pchilik kelib shu qurilishni o`rganmoqda. Qaeridadir kattadir, kichikdir muammolar aniqlanyapti», deydi Sayyoraxon Xonkeldieva.

 Voqeani prokuratura o`rganmoqda

Gulchehra Xo`jaqulovaning o`z joniga suiqasd qilgani holati yuzasidan Baliqchi tuman prokuraturasi xodimi izoh berdi.

 «Prokuratura organlari tomonidan 11-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi lavozimida ishlagan Gulchehra Xo`jaqulovaning o`z joniga suiqasd qilgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish jarayonida hodisa joyi ko`zdan kechirilib, guvohlardan tushuntirish xati olingan holda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan qurilish ishlaridagi kamchiliklar yuzasidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda, nazorat o`lchov ishlari amalga oshirilmoqda.

 Bundan tashqari, Xo`jaqulovaning o`z joniga suiqasd qilishiga olib kelgan sabablarini aniqlash maqsadida viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi hamda tuman hokimligi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Tekshiruv natijalari yuzasidan taraflarning barcha vajlari o`rganilgan holda qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi», deydi Baliqchi tuman prokuraturasi tergovchisi Behzod Raimqulov.

 O`rganishlar shuni ko`rsatmoqdaki, Gulchehra Xo`jaqulova bilan bog`liq hodisa tasodifga o`xshamaydi. Juda katta mablag` evaziga rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt bo`lmagan bog`cha binosidagi kamchiliklar, mudiraning lavozimida qolishi yoki qolmasligiga oid masala hamda uning o`z joniga suiqasd qilishi hodisalari orasida qandaydir bog`liqlik borligiga ishora qilmoqda. Bularning barchasiga tuman prokuraturasi o`tkazayotgan tekshirishlar yakuniga ko`ra aniqlik kiritilsa ajab emas. Kuzatishda davom etamiz.

Sharhlar

Toshkentda 9-sinf o`quvchisi odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi (video)

17.11.2023, 09:49

3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika to`garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta`limi...
Oqqo`rg`onda vertolyot ishtirokida to`y kortejini qilganlar jarimaga tortildi (video)

16.11.2023, 12:40

Avvalroq, Toshkent viloyatidagi to`yda vertolyotdan foydalangani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan edi. Toshkent viloyati IIBB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi mazur holat bo`yicha ma`lumot taqdim etdi. Ma`lum qilinishicha, IIBB...
Kechagi yomg`irdan so`ng Toshkent markazidagi yangi "dom"ning eri cho`kib, tagi ochilib qoldi (video)

10.11.2023, 12:45

Poytaxt markazida qurilgan yangi ko‘p qavatli uy hali egalariga topshirilmasdanoq kuni kecha yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan so‘ng dahshatli manzara kasb etib qoldi. 11 qavatli uyning zinalari...
Farg`onadagi ekin dalasiga yangi tug`ilgan chaqaloq tashlab ketildi (video)

04.11.2023, 12:37

Farg`onada yangi tug`ilgan chaqaloq tashlab ketildi. "Zamon" dasturida mazkur hodisa bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi.Ma`lum bo`lishicha, Farg`ona tumani Yuqori archa MFY hududidagi katta dalaga yangi tug`ilgan,...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1