Shavkat Mirziyoev Sergeliga yana bordi. Bu gal tumanda qurilayotgan yo`l va ko`prik loyihasi bilan tanishdi

Jamiyat 04.06.2020, 22:36
Shavkat Mirziyoev Sergeliga yana bordi. Bu gal tumanda qurilayotgan yo`l va ko`prik loyihasi bilan tanishdi

Bugun, 4 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri, Sergeli tumanidagi yangi yo`l va ko`prik loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi. 

Oxirgi uch yilda Sergeli tumanida 460 ta ko`p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu erga 100 mingdan ziyod aholi ko`chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi. 

Buning natijasida, tabiiyki, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ham ortdi. Shu bois bu erda qo`shimcha muhandislik ob`ektlari, tumanni shaharning markaziy qismi bilan bog`lovchi yo`l va ko`priklar qurilmoqda. 

Xususan, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar bo`lgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli er usti metrosi va uning “Choshtepa”, “Toshkent xalqa yo`li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq”, “Chinor” bekatlari barpo etilmoqda. 

Albatta, bu yo`lovchilarga katta qulaylik yaratadi. Lekin, shu bilan birga, avtotransport harakatini ham inobatga olish zarur. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu masalaga doimiy e`tibor qaratib kelmoqda. 29 may kuni Sergeli tumani faollari bilan o`tgan uchrashuvda ham transport infratuzilmasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi. 

O`shanda Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog`lovchi yo`l va ko`prik loyihasi haqida ma`lumot berilgan edi. Davlatimiz rahbari bugun ushbu loyihani joyiga chiqib, atroflicha o`rgandi.

Umumiy qiymati 280 milliard so`mdan ziyod bo`lgan mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan Turkiyaning “Kaloyn” kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Unga ko`ra, Cho`ponota ko`chasi va Kichik halqa yo`li kesishmasida 583 metrlik yo`l o`tkazgich barpo etiladi. Bu chorrahadan Toshkent halqa avtomobil yo`ligacha yangi ko`cha qurilib, halqa yo`li ostidan tunnel orqali o`tkaziladi va Qipchoq ko`chasida qurilayotgan yangi ko`prikka tutashadi.

Jami 5,6 kilometrlik bu yo`l soatiga 3 mingta transport vositasini o`tkazish quvvatiga ega bo`ladi.

Ma`lumki, hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo`l – Yangi Sergeli ko`chasi orqali harakatlanadi. Shu bois unda qatnov juda ko`p, yuklama katta. Ayniqsa, ertalab va kechga yaqin bu ko`cha tirband bo`lib qoladi. Ushbu yangi yo`l va ko`priklar qurilishi natijasida Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, transport  harakati vaqti 20-25 minutga kamayadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1