1

O`zbekiston musulmonlari idorasi karantin davrida masjidlarda namoz o`qilish tartibi bo`yicha bayonot berdi

Jamiyat 05.06.2020, 13:22
O`zbekiston musulmonlari idorasi karantin davrida masjidlarda namoz o`qilish tartibi bo`yicha bayonot berdi

O`zbekiston musulmonlari idorasi karantin davrida masjidlarda namoz o`qilish tartibi bo`yicha quyidagicha bayonot berdi:

Hurmatli yurtdoshlar!

Allohga shukrki, mamlakatimizda koronavirus kasalligi bilan bog`liq vaziyat ijobiy tomonga o`zgarib borishi barobarida hududlarni «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilgan holda karantin mezonlari yumshatib borilmoqda.

Xalqimiz pandemiya sharoitida mehnat qilish va yashash sharoitiga asta-sekin o`rganmoqda. Respublika maxsus komissiyasi xabarida karantin talablariga amal qilish asosida ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi. Jumladan, masjidlar 2020 yil 8 iyundan boshlab faqat «yashil» hududlarda faoliyatini boshlashi, ushbu maskanlarda 5–8 iyun kunlari sanitar choralar ko`rilishi e`lon qilindi.

Haqiqatan, barcha mo`min-musulmonlarimiz masjidlarda namoz o`qishni juda sog`inishdi, buni ilhaqlik bilan kutayotgandilar. Alhamdulillah, masjidlar eshiklari mo`min-musulmonlarimizga yana ochildi, karantin mezonlariga amal qilgan holda “yashil” hududlarda fayzli ibodatlarni boshlaymiz. Qolgan «sariq» va «qizil» hududlarda yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, u erlarda ham masjidlar faoliyatiga ruxsat etiladi, insha Alloh.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, O`zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar faoliyatini karantin davrida tashkil etish, masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va ibodatlarni ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash borasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi.

  1. Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tuman-shahar kesimida “yashil” hudud sifatida toifaga ajratilgan mintaqalardagi masjidlarda 2020 yil 8 iyun, dushanba kuni bomdod namozidan boshlab, kunlik besh vaqt farz namozlarini ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda (1,5-2 metr) ado etish.
  2. Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish bo`yicha quyidagi talablar belgilandi:

- masjidning kirish joyini dezinfeksion “to`shak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari bilan ta`minlash;

- har bir namozxon tibbiy niqobda bo`lishi, masjidga kirishda qo`llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;

- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish, tana harorati 37ºS va undan yuqori bo`lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;

- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovinlar bilan ta`minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanish saqlangan hollarda foydalanish;

- masjidda qo`l berib yoki quchoqlashib salomlashish taqiqlanishi;

- masjid binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;

- masjid hududida har qanday ko`rinishdagi savdo-sotiqni tashkil etmaslik, hadya va sovg`alar tarqatmaslik;

- rasman ruxsat berilgunga qadar juma namozlari tashkil etilmaydi;

- masjid xodimlari va ko`ngilli namozxonlardan yordamchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan masjid hududida karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

- masjidlar faoliyati joylardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talablariga muvofiq tashkil etilishini ta`minlash kabi tavsiyalar joriy etiladi.

Respublika hududlarini «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilishidagi o`zgarishlar rasmiy matbuotda va O`zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz saytida e`lon qilib boriladi.

Masjidlar faoliyati hududlar toifalari o`zgarishiga qarab, muvofiqlashtirilib boriladi. Xususan, hududga “qizil” yoki “sariq” toifa berilishiga ko`ra undagi masjidlar faoliyati vaqtinchalik to`xtatiladi.

Qoraqalpog`iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari ushbu tavsiyalarni amalga oshirilishini ta`minlaydi va belgilangan vazifalarning bajarilishiga masjid imom-xatibi mas`ul hisoblanadi.

Ma`lumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq mushkul vaziyatni boshimizdan o`tkazmoqdamiz. Hali xotirjamlikka o`rin yo`qligini ta`kidlagan holda “qizil” va “sariq” hududlarda karantin qoidalariga qat`iy amal qilish shartligini yana bir bor ta`kidlaymiz.

O`z navbatida, yana bir haqiqatni eslatib o`tishni zarur, deb bilamiz. Alloh taolo Qur`oni karimda insonlarni sinovli kunlarida sabr-qanoatli bo`lishga da`vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga engillik ham bordir”, deb marhamat qilgan.

Chindan ham, har qanday tashvish ortida engillik va yorug`lik bor. Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida koronavirus kasalligining oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli Haq taoloning yordami ila bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti.

Shu ma`noda, bugungi qiyinchiliklar albatta o`tib ketadi, hali masjidlarni to`ldirib jamoatlar bo`ladi, xatmi Qur`onlar o`qiladi va ulug` ayyomlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, insha Alloh.

Zero, Alloh taoloning uyida qilingan ibodatlar va duoyu tazarrular boisidan yurtga fayzu baraka kiradi va baloyu ofatlar uzoq bo`ladi.

Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuhu.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1