Koronavirus karantini tufayli tojikistonliklarga 40 dollardan tarqatiladi.
Tojikistonda aholining kam ta`minlangan qismiga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida (400 somoni – 40 AQSh dollari) bir martalik moddiy yordam tarqatiladi. Bu haqda rasmiy manbalarga asoslanib Markaz xabar berdi.
Bu pul Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, pensionerlar, nogironlar, etimlar, kam ta`minlangan va boquvchisini yo`qotgan oilalar, shuningdek mehnat muhojirlarining oilalariga beriladi.
Shuningdek, Prezident vaziyat barqarorlashgunga qadar bevosita koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga qo`shimcha haq to`lash haqida ko`rsatma berdi.
Bundan tashqari, narxlarning o`sishi va inflyasiyani tizginlash maqsadida yil oxirigacha elektr energiyasi, suv, gaz, aloqa va kommunal xizmatlar uchun to`lovlarni oshirish va qarzdorlik paydo bo`lsa ham tarmoqdan uzub qo`yish masalasi kechiktiriladi.
Iste`mol tovarlari, xususan, dori-darmon, anitseptiklar, himoya niqoblari, sovun, oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg`i narxi qattiq nazoratga olinadi.