1

«Sabru sadoqat» seriali yurtimiz telekanallarida namoyish etiladi

Madaniyat 07.06.2020, 22:21
«Sabru sadoqat» seriali yurtimiz telekanallarida namoyish etiladi

«O`zbekkino» MA  «Sabru  sadoqat»  deb nomlangan  besh qismli serialni yaratish va  namoyish etish bo`yicha  maxsus loyihani  amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi.  

Serial O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yillik  yubileyiga  bag`ishlab mamlakatimizning o`nta telekanalida efirga uzatiladi. Bu haqda agentlikning rasmiy kanalida ma`lum qilindi.

Kinoserial  1950-1955 yillarda yozuvchi va uning rafiqasi hayotida yuz bergan voqealarga asoslangan.  Yosh oilaning yorqin umidlar va ulkan rejalarga to`la  baxtli va beg`ubor hayoti bir onda ostin-ustun bo`lib ketadi. Said Ahmad hibsga olinadi.

Endi bosh qahramonlarning hayoti qanday kechadi, ularni qanday sinovlar kutib turibdi, taqdir ularning muhabbatini qanday sinaydi? Serialni tomosha qilib, bu savollarning barchasiga javob topasiz.

«Avvaliga «Said bilan Saida» filmida, so`ngra “Sabru sadoqat” serialida aks etgan voqealar haqiqatdan ham Stalin qatag`onining og`ir yillarida ota-onam — O`zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va shoira Saida Zunnunovaning hayotlarida  yuz bergan. Filmga otamning avtobiografik qissalari, ota-onamning bir-biriga yo`llagan maktublari hamda onam,  shoira Saida Zunnunovaning kundaliklari asos qilib olingan. Ota-onamning hayoti va ijodi bilan bog`liq barcha qo`lyozmalar, hujjat va xatlar uy arxivimizda avaylab saqlanmoqda.  

Otamning 100 yillik yubileyiga atab «O`zbekkino»da yaratilgan ushbu serial O`zbekiston telekanallarida namoyish etilishidan bag`oyat xursandman» — deb izoh berdi ssenariy muallifi, Said Ahmadning qizi Nodira Husanxo`jaeva.  

«Said bilan Saida» filmi asosida yaratilgan serial teletomoshabinlarni o`sha tarixiy davrga,  ijod va ilhom muhitiga etaklaydi. Sevgi, xiyonat, pushaymonlik, kechirimlilik, sadoqat, ezgulik — tomoshabinlar film qahramonlari bilan birga ularning ko`nglidan o`tgan barcha kechinmalarni his qiladilar.  

Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Adiblar xiyoboni»ning ochilishi chog`ida mumtoz asarlarni o`rganish, ularning hayoti va ijodiy yo`li haqida kitoblar nashr etish, filmlar yaratish muhimligini ta`kidlab o`tdi. Ushbu ko`rsatmaga muvofiq Milliy agentlik tomonidan “Sabru sadoqat” teleserialining tayyorlanishi, o`zbek xalqining yosh avlodini tarbiyalashdek muhim vazifaga hissa qo`shayotganidan darak beradi.

Kinoserial 8 iyundan 12 iyungacha yurtimizning “Oʻzbekiston”, “Madaniyat va maʾrifat”, “Mahalla”, “Oʻzbekiston tarixi”, “ZOR TV, “MY5”, “Milliy TV”, “Uzbekistan-online.uz”, “Sevimli TV” (9-13 iyun),  telekanallarida, shuningdek 20 iyun kuni  “Kinoteatr” telekanalida namoyish etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1