1

Koronavirus homiladorlar uchun qanchalik xavfli?

Salomatlik 08.06.2020, 09:00
Koronavirus homiladorlar uchun qanchalik xavfli?

COVID-19 bilan kasallanish xavf guruhlari orasida homilador ayollar alohida o`rin egallaydi. Ma`lumki, homiladorlik bu fiziologik holat bo`lishiga qaramay, bir qator a`zo va tizimlarning, shu jumladan, immun tizimning o`zgarishi bilan kechadi. Shu sababli homiladorlik vaqtida infeksiyalarga nisbatan sezuvchanlik sezilarli darajada oshadi.
Xozirgi kunda COVID-19 bilan zararlangan homilador ayollarni kuzatuvlari etarli emas, ammo Xitoy, AQSh va Rossiyada o`tkazilgan ba`zi kuzatuvlar ayrim xulosalarni chiqarishga imkon beradi.
Shunday qilib, turli ekstragenital kasalliklari mavjud homiladorlar yuqori xavf guruhiga kiradi, ayniqsa, homiladorlikning ikkinchi yarmida. Bular yurak-qon tomir, nafas a`zolari kasalliklari (zotiljam, bronxial astma), diabet, arterial gipertoniya, surunkali yallig`lanish kasalliklaridir. Ushbu kasalliklar bilan bir qatorda homiladorlik davrida immun holatning, gemoztaz (qon ivuvchanligi)ning buzilishi, xavfli o`smalarning mavjudligi butun organizmning zo`riqishini kuchaytiradi, ayniqsa, aylanib yuruvchi qon hajmining oshishiga, nafas ko`rsatkichlarining pasayishiga va turli asoratlar rivojlanishiga olib keladi.
Homiladorlik davrida asoratlarning rivojlanishi xavf omili – og`irlashgan akusherlik anamnezidir. Ya`ni avvalgi homiladorlikda kuzatilgan preeklampsiya, arterial bosimning oshishi, qon ketishi, qon ivishining buzilishi, muddatdan oldingi tug`ruqlar, homiladorlikning to`xtashi, turli jarrohlik amaliyotlari ham xavf omillari hisoblanadi. Bunday homiladorlar xavf gurug`iga kiradi va alohida e`tiborni talab qiladi.
COVID-19 ikkinchi va uchinchi trimestrda xavfliroq, bu organizmning turli tizimlarida yuklamalarning ortishi bilan izohlanadi.Onalar va bolalar o`lim darajasini ko`paymasligi uchun homilador ayol skrining ko`rigidan o`tishi kerak bo`lgan davrni esdan chiqarmaslik kerak. Barcha homilador ayollar koronavirusdan qat`iy nazar, homiladorlikni olib borish to`g`risidagi protokolda aniq belgilangan muddatlarda tekshiruvdan o`tishlari kerak. O`z vaqtida tahlillarni topshirish, UTT tekshiruvidan o`tish, shifokorlar bilan maslahatlashish lozim.Akusherlik skrining tekshiruvi muddatlarini o`tkazib yubormaslik – bu akusherlik va neonatal asoratlarni kamaytirish kafolatidir.
Koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq cheklovlar bo`lishi tabiiy. Ammo dam olish, jismoniy faoliyat va turmush tarzini to`g`ri tashkil etish (ijtimoiy masofa, gigiena va himoya tartiblari) bilan bu qiyinchiliklarni engish mumkin.
Homila koronavirus infeksiyasining bevosita nishoni emas. Virus homilaga teratogen ta`sir ko`rsatmaydi. Plasentar to`siq homila uchun ishonchli to`siq bo`lgani bois aqaloqlar sog`lom tug`iladi. Ko`p narsa onaning holati va koronavirus infeksiyasining og`irlik darajasiga bog`liq. Odatda tug`ruq engil o`tadi, ya`ni bolalar kasallik alomatlarisiz tug`iladi. Eng muhimi – ularni o`z vaqtida alohidalash. Dunyoda sodir bo`layotgan umumiy tashvish va asabiy holatlarni tushungan xolda, ta`kidlash kerakki, homiladorlikni kechishiga xavf soluvchi asosiy omil bu – stress (ruhiy zo`riqish)dir. Asoslanmagan yangiliklarni o`qishdan bosh tortish, gigienik tartiblarga amal qilish va pozitiv bo`lish lozim. Yo`ldosh va onaning salomatligi homilani virusdan himoyalaydi.
Xitoylik shifokorlar homiladorlik davrida COVID-19 bilan kasallangan onalarning chaqaloqlarida yangi koronavirusni aniqlashmadi. Ushbu kasallarning ma`lumotlari “Frontiers in Pediatrics”jurnalida chop etilgan. Maqolada to`rtta holat qayd etilgan bo`lsa xam, homiladorlardan bolalariga virus o`tmasligi ehtimoli bor.
Bolalarda koronavirusni aniqlash uchun namunalar tug`ilganidan uch kun o`tgach burun halqumdan olingan. Yangi tug`ilgan chaqaloqlarda isitma, yo`tal, diareya kuzatilmagan. Kasalxonadan chiqish vaqtida na ona, na bolalarda (shu jumladan, SARS-CoV-2 borligiga tekshirilmagan bolalarda) infeksiya alomatlari bo`lmagan. Ushbu ma`lumotlarni umumiylashtirgan xolda mualliflar COVID-19 kasalligining onadan bolaga o`tish ehtimoli kam, balki umuman yo`qdir degan xulosaga kelishgan.
Yangi SARS-CoV-2 ning asosiy ma`lum bo`lgan yuqish yo`li bu — havo-tomchi orqalidir, hozircha respirator belgilar bo`lmagan odamning boshqalarga yuqtirish ehtimoli hali isbotlanmagan. Shuningdek, virus onadan bolaga ona qornida o`tishi aniq emas.
Agar onada koronavirus aniqlangan bo`lsa, ko`krak bilan boqishni to`xtatish kerakmi?
Agar onada COVID-19 ga shubha tug`ilsa yoki bemorlar bilan aloqada bo`lgan bo`lsa, emizishni to`xtatmasligi kerak deb hisoblanadi. Ammo ayolda yuqori isitma yoki virusli infeksiyaning boshqa alomatlari bo`lsa va shifokor ko`krak suti bilan o`tadigan va bolaga zararli ta`sir qiladigan dori vositalarini buyurgan bo`lsa, ko`krak bilan boqish davolash vaqtida to`xtatiladi. Ushbu davrda ona sutini sog`ish orqali laktasiyani ushlab turish va sog`aygandan keyin ko`krak bilan boqishni davom ettirish lozim.
Homilador ayollar o`zlarini COVID-19 dan qanday himoya qilishlari mumkin?
Homilador ayollar xam oddiy odamlar kabi zararlanishdan saqlanishlari lozim. COVID-19 ni tarqalishini tirsagiga yo`talib, kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlanib, qo`llarni tez-tez sovun va suv yoki spirt asosli qo`l sanitariya vositalari bilan yuvish orqali to`xtatish mumkin.


Homilador ayollarni davolash COVID-19 bilan kasallanish darajasiga, uning klinik ko`rinishlariga va akusherlik holatini to`g`ri baholashga asoslanadi.
Akusherlik taktikasi bir necha jihatlarga bog`liq: bemorning ahvoli, homilaning holati va homiladorlik muddati. Homiladorlikning 12 haftagacha bo`lgan muddatda og`ir va o`rta og`ir kechishida perinatal asoratlarning xavfi yuqoriligini hisobga olib, infeksion jarayonni davolagandan so`ng homiladorlikni to`xtatish tavsiya etiladi. Agar bemor homiladorlikni to`xtatishdan bosh tortsa, homilada xromasomal nuqsonlarni aniqlash uchun xorion biopsiyasi zarur.


Kasallikning avj olish davrida homiladorlikni to`xtatish va tug`ruqni qabul qilish onalar o`limi va ko`p sonli asoratlarni: asosiy kasallikning og`irlashuvi, nafas etishmovchiligining rivojlanishi va jadallashishi, akusherlik qon ketishi, homilaning intranatal o`limi, yiringli-septik asoratlarning oshishi bilan bog`lanadi.
Ammo, O`SV fonida gipoksiyani bartaraf etishning imkoni bo`lmasa yoki nafas etishmovchiligining jadallashuvida, o`pkaning alveolyar shishida, shuningdek, refrakter septik shokda hayotiy ko`rsatmalarga ko`ra kesarcha kesish yo`li bilan shoshilinch jarrohlik amaliyoti koagulopatik va gipotonik akusherlik qon ketishini oldini olish uchun zarur choralar bilan birga o`tkaziladi. Kasallik avjida va zotiljamda tug`ruq faoliyati boshlanib qolsa, tug`ruqni ona va bolaning holatini monitor kuzatuv ostida tabiiy tug`ruq yo`llari orqali qabul qilgan ma`qul. Og`riqsizlantirish, detoksikasion, antibakterial va virusga qarshi, respirator terapiyalarni o`tkazish lozim. Ikkinchi davrda nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi rivojlanishini oldini olish uchun kuchanishlarni chegaralash kerak. Tug`ruqni tez tugatish zarur bo`lsa, vakuum-ekstraksiya yoki akusherlik qisqichlarini qo`llash maqsadga muvofiq. Kesarcha kesish mutlaq akusherlik ko`rsatmalarida, shuningdek, o`layotgan ayolda (homila hayotini saqlab qolish uchun) bajariladi.


Ona va bolaning holati kasallik yuzaga kelgan homiladorlik muddatiga, premorbid fonning (chekish, semirib ketish, nafas tizimi va LOR-a`zolarining fon kasalliklari, qandli diabet, OIV infeksiyasi) mavjudligiga, infeksion jarayonning og`irlik darajasiga, asoratlar borligiga va virusga qarshi davoning o`z vaqtida boshlanganligiga bog`liq.
Shunday qilib, rasional yondashuvlar va to`g`ri tanlangan akusherlik va umumterapevtik taktika ona va bolaning hayoti va sog`ligini saqlashda yordam beradi.


Farida Ayupova, t.f.d., professor, Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi «Tibbiyot fanlari» yo`nalishi bo`yicha Ilmiy-texnik kengash a`zosi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1