my5

AQSh Rossiyada yaratilayotgan vaksinasining muvaffaqiyatiga shubha bildirdi

Dunyo 04.08.2020, 13:24
931
AQSh Rossiyada yaratilayotgan vaksinasining muvaffaqiyatiga shubha bildirdi

Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda ham koronavirusga qarshi vaksina yaratilmoqda, lekin bu borada ular AQShdan ilgarilab keta olmaydi, dedi AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi. Bu haqda UzA yozmoqda. 

"Biz juda ildam harakat qilyapmiz, shu bois boshqa mamlakatda biznikidan ham oldinroq vaksina yaratiladi, deb o`ylamayman, chunki agar shunday bo`lsa, vaksina yaratishda biz boshqa mamlakatga bog`liq bo`lib qolamiz", - dedi Fauchi kongressda so`zga chiqib.

"Xitoyliklar va ruslar vaksinani bemorga qo`llash oldidan haqiqatan ham sinab ko`rayotganiga umid qilamiz. Chunki sinab ko`rmasdan avval vaksina mavjudligi, uning qo`llashga tayyorligi haqida gapirish o`ylashimcha muammoli masala", –dedi mutaxassis. U "vaksina joriy yilning so`nggida, 2021 yilning boshlarida paydo bo`lishiga ham unchalik ishonchi komil emasligini ta`kidladi".

Hozirda AQShda vaksina yaratish bo`yicha bir yo`la bir nechta kompaniya shug`ullanmoqda. Ulardan biri allaqachon vaksina sinovining uchinchi bosqichida turibdi. Fauchining hisobotida aytilishicha, klinik sinovga 30 ming kishi jalb qilingan. Yana 250 ming kishi yangi vaksina sinovida ishtirok etishga ariza bergan.

Bundan avval Rossiyada ham koronavirusga qarshi ikkita vaksina yaratilayotgani haqda xabar qilingandi. Ushbu vaksinalarning biri avgustda davlat ro`yxatidan o`tkazilib, sentyabrda ishlab chiqarilishi e`lon qilindi, ikkinchisi esa sentyabrda ro`yxatga olinadi va oktyabr oyida ishlab chiqarilishi aytilmoqda.

Шарҳлар