my5

Eri tomonidan kaltaklangan ayol qotilga aylandi

Jinoyat 07.08.2020, 17:17
1828
Eri tomonidan kaltaklangan ayol qotilga aylandi

Ayol qaynotasiga tegishli xonadonda turmush o`rtog`i, farzandi bilan birgalikda yashab kelgan. Oilaviy kelishmovchilik tufayli, eri bilan o`rtalarida janjal kelib chiqadi. Er xotinini sochidan tortib, urib, haqorat qilgan. Bundan g`azablangan ayol eridan o`ch olish maqsadida uni qasddan o`ldirishni rejalashtiradi...

Ayol jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida, turmush o`rtog`ini og`ir darajada mastligi, o`zini himoya qilishga, faol qarshilik ko`rsatishga qodir emasligini anglagan holda, dastlab bo`sh holdagi aroq shishasi bilan erining boshga urgan. So`ng oshxona pichog`i bilan qurollanib, erining qorniga pichoq urib, qasddan o`ldirgan.

                                “QILMIShIMDAN ChIN KO`NGILDAN PUShAYMONMAN”

Sudda so`roq qilingan sudlanuvchiqo`yilgan aybga qisman iqrorlik bildirdi...

— O`sha kuni uyqudan turib, o`g`lim bilan birgalikda nonushta qildik va uni maktabga yubordim. So`ng erim uyqudan uyg`onib, nonushta vaqti aroq ichdi. Tushlikkacha bitta aroqni ichib tugatdi va qayta yana uxlashga yotdi. Kechga tomon erimning ota-onasi mehmonga kelishdi. Shu bois erimni uyqudan turgazdim. Ularni mehmon qilib, kechki vaqt kuzatdim. Ketishgach, erim yana aroq ichishni boshladi. Arog`i tugab qolganidan keyin “aroq olib kelib ber”, dedi. O`g`lim bilan chiqib bir dona aroq olib keldik. Keyin o`g`limni uxlatish uchun xonaga kirib ketdim. Xonadan chiqqanimda erim aroq ichib o`tirardi. Meni yoniga chaqirib, gilamni tagida turgan giyohvandlik moddasini ko`rsatdi-da, “shuni chekib tugatsam, qaytib chekmayman”, dedi. Shu vaqti giyohvandlik moddasini olib, hojatxona unitaziga tashlab yubordim. Erim oldimga kelgan vaqtida unitazni suvini oqizib yubordim. Bu holatdan jahli chiqib, ariq ichishda davom etdi. Erim “dasturxon yoz, aroqni gazagiga olma olib kel!” deb baqirdi. Aytgan ishlarini qilganim sari yangi ish buyurib janjal chiqaraverdi. Olmani po`stini archish uchun pichoqni so`radi, olib bordim. Keyin “ovqat olib kel”, dedi. Ovqatni isitish uchun gazga quyganimni aytishimga qaramay, baqirgani uchun qo`rqib ovqat isimagan bo`lsa-da, olib bordim. Shunda “ovqatni nega isitmasdan olib kelding?” deb, sochimdan tortib urdi. Keyin yoniga o`tkazib, bir qo`li bilan sochimdan ushlab olib, ikkinchi qo`li bilan ovqatni edi. So`ng “dasturxonni yig`ishtir”, deya jahl ustida sochimdan tortib, bo`ynimdan bo`g`ib, bir necha marotaba urdi. Erimni tinchlantirish uchun turgan bo`sh aroq shishasi bilan boshiga bir necha marotaba urdim. Biroq aroq shishasi sinib ketdi, erimni battar jahli chiqib, “meni uradigan bo`lib qoldingmi?” deb yana sochimdan tortib, tinmay urib, tepdi. Devorga suyanib qolganimdan keyin pichoqni olib kelib, o`ldirish bilan tahdid qildi. Erimning qo`lida pichoqni ko`rib qattiq qo`rqib ketdim. Qo`lini ikki qo`lim bilan ushlab, qayirib o`ziga qarab itarib yubordim. Shu vaqti u kishini qo`lida bo`lgan pichoq qorniga kirib ketdi. Erim pichoqni tortib olib, erga yiqildi-da, suv berishimni aytdi. Shok holatiga tushib, nima qilishini bilmay qolgandim. Suv berdim, keyin ustidagi trikosini almashtirishimni aytdi, almashtirdim. "Uydagilarni chaqir”, dedi. Shunda ovsinimga qo`ng`iroq qilib, “tez-tez kelinglar, shifokor chaqiringlar”, deya erimning mazasi bo`lmayotgani va ikkalamiz urishib qolganimizni aytdim. Keyin telefon uchib qoldi. Qayta yana ovsinimga qo`ng`iroq qilgan vaqtimda telefonga qaynukam javob berdi. U kishiga shifokor olib kelishini aytdim... Biroz vaqt o`tgandan so`ng qaynotam, qaynonam va qaynukam kelishdi. Shunda qaynonam erimning oldiga borib, “hali yaxshi ekan”, deya tez yordamni chaqirishni bildirdi. So`ng uyga shifokorlar kelishdi, ular erimni ko`rib, vafot etgani, holat bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga xabar berish lozimligini aytib ketishdi. Tez orada huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelishdi... Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.

Sudlanuvchining aybi o`zining aybiga iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmalaridan tashqari, sudda tekshirilgan dalillar bilan to`liq o`z isbotini topdi.

O`tkir MAMADALIEV, Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudi raisining o`rinbosari:

— Sudlanuvchi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.Sudlanuvchiga JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

                                                                                                                      S.ALLABERGANOVA, jurnalist

Шарҳлар