my5

Prezident O`zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yo`lladi

Siyosat 08.08.2020, 21:36
692
Prezident O`zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yo`lladi

Ma`lumki, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev qarori bilan avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni “O`zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e`lon qilingan. 2017 yildan buyon ushbu sana yurtimizda nishonlab kelinadi. 

Bugun davlat rahbari ushbu sana munosabati bilan quruvchilarga bayram tabrigini yo`lladi. Tabrik matni Prezident rasmiy saytida e`lon qilindi. 

"Avvalo, mamlakatimizning qurilish sohasida fidokorona mehnat qilayotgan siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Jonajon O`zbekistonimizning yangi qiyofasini barpo etish, Vatanimizning yuksak taraqqiyotini ta`minlash, hayotimizni yanada obod va farovon etishda sizlar singari mohir quruvchi va muhandislar, usta va me`morlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari – ming-minglab bunyodkor insonlarning olijanob mehnatini hech narsa bilan o`lchab, baholab bo`lmaydi.

Bugungi qutlug` ayyom – Qurilish sohasi xodimlari kuni diyorimizda keng nishonlanayotgani ham xalqimiz va davlatimizning sizlarga bo`lgan ana shunday samimiy hurmat-ehtiromidan dalolat beradi" deyiladi tabrik matnida. 

Tabrikda ta`kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarmida yurtimizda jami 43 trillion so`mlik qurilish ishlari bajarilib, o`sish sur`ati o`tgan yilning shu davriga nisbatan 107 foizdan ziyodni tashkil etgan. 

Joriy yilda qishloq joylarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko`p xonali uy-joylar barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 2 ming 400 ga yaqin ijtimoiy ob`ekt, jumladan, 427 ta bog`cha, 477 ta maktab, 216 ta sog`liqni saqlash, 29 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi va 100 ga yaqin boshqa turli inshootlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

O`tgan 3 yil davomida ushbu sohani tartibga soluvchi jami 33 ta qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Birgina joriy yilning o`tgan davrida 6 ta qonun hujjatlari hayotga tatbiq qilingan.

"Bu yil qurilish sohasi uchun haqiqatan ham har tomonlama sinovli va g`oyat mas`uliyatli davr bo`lganiga hammamiz guvohmiz.

Dastlab Buxoro viloyatida, so`ngra “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofat va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish, ijtimoiy ob`ektlarni tiklash va ta`mirlash, ming-minglab oilalar uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish ishlarida bunyodkor azamatlarimiz haqiqiy matonat va shijoat namunalarini ko`rsatdilar.

Eng muhimi, bu ishlarda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning mohir quruvchilari va muhandislari bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilib, xalqimizga xos ahillik va birdamlik, hamjihatlik fazilatlarini, biz chindan ham yagona oila farzandlari ekanimizni yana bir bor amalda namoyon etdilar.

Shu yilning mart oyidan buyon respublikamizda qat`iy karantin talablari o`rnatilgan tahlikali bir vaziyatda quruvchilarimiz ko`zga ko`rinmas bu baloga qarshi qahramonona kurashayotgan shifokorlarimiz va boshqa soha vakillari bilan birgalikda strategik ahamiyatga ega bo`lgan maxsus qurilish ob`ektlarini bunyod etayotganlari har qancha tahsinga sazovordir.

Xususan, g`oyat qisqa fursatlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 4 ming o`rinli ko`p tarmoqli maxsus shifoxona, Yuqori Chirchiq tumanida aholini vaqtincha karantinda saqlash majmuasi kabi o`nlab inshootlar hamda taqsimlash punktlari barpo etildi", - deydi Prezident.

Prezident o`z tabrigida yaqinda quruvchilarimiz tomonidan barpo etilgan G`alaba bog`i, Adiblar xiyoboni, Toshkent er usti halqa metro yo`li, Yunusobod va Sergelidagi yangi metro yo`nalishlari, Yashnobod tumanidagi uch qavatli muhtasham ko`prik, Islom sivilizasiyasi markazini alohida e`tirof etadi. 

"Aziz va muhtaram quruvchilar! Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, ezgu faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman. Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo`lsin! Qo`lingiz aslo dard ko`rmasin, hamisha sog`-salomat bo`ling!" deya yakunlanadi tabrik so`zi. 

Шарҳлар