918 nafar yurtdoshlarimiz Rossiyaning Rostov viloyatidan poezdda olib kelinmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozog`iston davlat chegarasidan o`tkazish masalasi bo`yicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozog`iston tomoni bilan kelishuvga binoan, O`zbekiston fuqarolarini yo`lovchi poezdlari orqali olib kelish jarayoni amalga oshirilmoqda. Navbatdagi yo`lovchi poezdi yurtdoshlarimizni Rossiyaning Rostov viloyatidan olib kelmoqda.
O`zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma`lumotga ko`ra, 10 avgust mahalliy vaqt bilan soat 13.20 da 918 nafar yurtdoshlarimiz bilan poezd “Pervomayskaya” stansiyasidan O`zbekistonga jo`nadi.
Yo`l davomida yo`lovchi poezd faqat texnik ko`rik uchun to`xtatiladi, ya`ni stansiya-vokzallarda yo`lovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi. Ushbu reysda olib kelingan yo`lovchilar Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi.