my5

Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

Siyosat 12.08.2020, 13:11
691
Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o`tkazilayotgan inson huquqlari bo`yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi:

"Hurmatli forum qatnashchilari!

Qadrli yoshlar!

Barchangizni – “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o`tkazilayotgan inson huquqlari bo`yicha Samarqand forumi qatnashchilarini qutlash menga ulkan mamnuniyat bag`ishlaydi. Siz, azizlarni Xalqaro yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga mazkur forumni o`tkazish to`g`risidagi tashabbusimizni qo`llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migrasiya bo`yicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa sheriklarimizga tashakkur izhor etaman.

Aziz do`stlar!

Ma`lumki, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo`lishi uchun yangi g`oyalar va ijodiy ruhdagi sa`y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir.

BMTning Yoshlar strategiyasida ta`kidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va o`ta muhim resurslar mujassam topgan bo`lib, unga har qancha investisiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo`lib qaytadi”. Men g`oyat muhim ushbu fikrga to`liq qo`shilaman.

Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo`lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko`lamli chora-tadbirlar ko`rilishini talab etadigan ko`plab muammolarga to`qnash keldi.

Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta`minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur.  

Bugungi murakkab vaziyatda yosh avlod vakillari zamonaviy tahdidlarga, jumladan, pandemiyaga qarshi o`zlarining istiqbolli tashabbuslari va ijtimoiy loyihalari bilan munosib javob berayotgani e`tiborga sazovordir. Butun jahonda ko`ngilli yoshlar yordamga muhtoj aholi qatlamlarini qo`llab-quvvatlashda, yangi iqtisodiy va gumanitar dasturlarni ilgari surishda faol ishtirok etmoqda.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Hozirgi zamonda intellektual va ma`naviy etuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Bugungi kunda yangi O`zbekiston yoshlari – mamlakatni modernizasiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko`lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo`lib maydonga chiqmoqda.

Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan O`zbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta`minlash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi etib belgilangan.  

Faqat keyingi yillarning o`zida yosh avlodni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va uyg`un rivojlantirishga, har bir navqiron inson jamiyatda munosib o`rin egallashiga qaratilgan bir qator qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo`yicha idoralararo kengash tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda “O`zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksi joriy etilmoqda.

Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan ko`plab muammolar – tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim o`zgarishlari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi – o`zaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda.

 Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O`zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini ta`minlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni ma`rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o`z salohiyatini ro`yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmoqda.

Bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo`llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o`z amaliy takliflari bilan boyitadilar, deb ishonaman.

Qadrli yoshlar!

Bugun o`z ishini boshlayotgan Samarqand yoshlar forumi global miqyosdagi birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini,  tinchlik va taraqqiyotni ta`minlash yo`lida navqiron avlod tomonidan qo`yilgan muhim amaliy qadam va qimmatli hissa bo`ladi, deb umid qilaman.

Forumning barcha ishtirokchilariga faoliyatlari samarali bo`lishini  tilayman", 

- deyiladi Prezdient tabrigida.

Шарҳлар