my5

“Sanoat klasterlari”ni yo`lga qo`yish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi

Siyosat 12.08.2020, 20:53
576
“Sanoat klasterlari”ni yo`lga qo`yish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 12 avgust kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident.uz  ma`lum qildi.

Ta`kidlanganidek, sanoat korxonalari iqtisodiy barqarorlikni ta`minlash, ish o`rinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishda muhim o`rin tutadi. Shu bois pandemiyaga qaramasdan mamlakatimizda bunday korxonalarning uzluksiz ishlashi uchun sharoitlar yaratib berildi.

Buning natijasida yilning birinchi yarmida “O`zeltexsanoat”, “O`zavtosanoat”, to`qimachilik, charm-poyabzal, metallurgiya, elektr energiyasi tarmoqlarida o`sishga erishilgan. Qo`rg`ontepa, Qumqo`rg`on, Romitan, Muzrabot, Izboskan, Norin va Yangibozor tumanlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar ko`paygan.

Lekin, umumiy hisobda olganda, birinchi yarim yillikda sanoat mahsuloti hajmi 167 trillion so`mni tashkil etib, o`tgan yilgiga nisbatan 1,9 foizga kamaygan.

Tahlillarga ko`ra, qolgan olti oyda 229 trillion so`mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, yil yakunigacha bu boradagi ko`rsatkichni 3,5 foizga oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Buning uchun hozirgi murakkab va favqulodda holatdan kelib chiqib, sanoat siyosati, ish uslubi va yondashuvlarni o`zgartirish, raqobatbardosh tovarlar zanjirini tashkil etish zarur.  

Videoselektor yig`ilishida shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Eng avvalo, hududlar va tarmoqlar yaqin hamkorlikda ishlashi muhimligi ta`kidlandi.

Misol uchun, Qoraqalpog`istonda ikkinchi yarim yillikda 7,8 trillion so`mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 5 ta yirik loyihani foydalanishga topshirish mo`ljallangan. To`qimachilik, kimyo tarmoqlaridagi bu loyihalar hisobidan 500 ta yangi ish o`rni tashkil etiladi.

 Xuddi shunday, Toshkent shahri va viloyatlarda ham katta rejalar belgilangan.

Davlatimiz rahbari ularga birma-bir to`xtalib, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish marralarini kafolatli ta`minlash va investisiya loyihalarini yakunlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Tarmoq va hududlarning o`zaro hamkorligiga mas`ul ishchi guruh tuzib, hududlarga chiqqan holda, korxonalarning muammolarini hal qilish va qo`shimcha zaxiralarni safarbar etish orqali sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligi ta`kidlandi.  

Prezidentimiz “sanoat klasterlari”ni yo`lga qo`yish masalasiga alohida ahamiyat qaratdi.

Misol uchun, Namanganda to`qimachilik va u bilan bog`liq tarmoqlar, Navoiy viloyatida qurilish va bezak materiallari, Toshkent viloyatida farmasevtika, Toshkent shahrida elektronika va mebel bo`yicha “sanoat klasterlari”ni tashkil etish uchun tadbirkorlik muhiti shakllangan. Lekin, shu bilan birga, raqobatdosh mahsulot chiqarish uchun klasterda ilm, innovasiya, loyiha, moliya, injiniring va investisiya tashkilotlari bo`lishi kerak.

Bosh vazir o`rinbosariga ushbu tizimni yo`lga qo`yish, har bir hududda “sanoat klasterlari”ni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Pandemiya oqibatida 11 mingta sanoat korxonasining daromadi tiklangani yo`q. Ularning asosiy qismi to`qimachilik, oziq-ovqat, mebelsozlik, metall buyumlar, qurilish materiallari korxonalaridir.

Shu bois, to`liq quvvatda ishlamayotgan korxonalarni jonlantirish, ularga borib, xomashyosi, aylanma mablag`i, mahsulot bozori bilan bog`liq masalalarga ko`maklashish bo`yicha topshiriqlar berildi. Hokimlar sanoat bilan shaxsan shug`ullanishi kerakligi ta`kidlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan barqaror ta`minlash, barcha loyihalarni o`z vaqtida ishga tushirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Sanoat kooperasiyasi va mahalliylashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Rejadagi 133 ta loyiha ishga tushmagani, yana 261 tasi to`liq quvvatga etmagani, oqibatda 1,1 trillion so`mlik mahsulot ishlab chiqarilmay qolgani ko`rsatib o`tildi. Bu boradagi kamchiliklar viloyatlar kesimida tahlil qilinib, ularni hal etish choralari belgilandi.

Pandemiya davrida mahsulotni namoyish qilish imkoniyati cheklangani bois Elektron kooperasiya portalidan keng foydalanish muhimligi ta`kidlandi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlarni ushbu kooperasiya portaliga joylashtirish, uning maqomi va savdo hajmlarini keskin ko`tarish bo`yicha topshiriq berildi.

– Odamlarning daromadini oshirish, yangi ish o`rinlari yaratish, investisiyalar jalb qilish sanoat rivoji bilan chambarchas bog`liq. Shuning uchun sanoat masalalari bundan buyon ham doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi, – dedi Prezident.

Yig`ilishda Bosh vazir o`rinbosarlari, sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

Шарҳлар